Oʻzbekiston OTMlarida 2024/2025-oʻquv yili uchun superkontrakt miqdorlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
2024/2025-oʻquv yili qabulida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan ballari tasdiqlangan toʻlov-kontrakt doirasida qabul parametrlari chegarasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam boʻlmagan holda, qoʻshimcha ravishda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlarning birinchi oʻquv yili uchun amalda belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga nisbatan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlandi.

Bunda, superkontrakt miqdori yoʻnalishlarga qarab farqlanadi. Miqdori nisbatan past boʻlgan yoʻnalishlarga arxeologiya, kimyo, geografiya, fizika, matematika, energetika muhandisligi kabilar kiradi. Bu yoʻnalishlarda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 6 baravarini tashkil etadi.

Eng “qimmat” sohalarga esa bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 19 baravari belgilangan. Bundan yoʻnalishlarga yurisprudensiya hamda davlat va jamiyat boshqaruvi kiradi.
Shuningdek, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt qiymatini 2024-yil 15-oktyabrga qadar toʻliq toʻlagan abituriyentlarga 10 foizli chegirma beriladi.



Avvalroq Oʻzbekiston OTMlarida 2024/2025-oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari eʼlon qilingandi. Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalari belgilangan tartibga muvofiq 2024/2025-oʻquv yilida qabul qilingan talabalar uchun toʻlov-kontrakt miqdorlarini mustaqil belgilash huquqiga ega.
Stipendiyali toʻlov-kontrakt miqdori amaldagi stipendiya miqdorini 12 oyga koʻpaytirilgan holda qoʻshib hisoblanadi.
Prezident farmonlariga muvofiq oʻquv yili davomida stipendiya miqdori oshirilganda, bir talabani stipendiyali oʻqitish qiymati miqdori stipendiyaning yangi miqdoridan kelib chiqib, oʻquv yili oxirigacha oshiriladi.