Oʻzbek muhandislik tafakkurining badiiy talqini

“Muhandis” romani nafaqat badiiy asar, balki ilm-fan va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan muhim maʼrifiy manba sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.

Carousel image 1Carousel image 2Carousel image 3Carousel image 4

Yosh avlodni zamonaviy bilim va kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda milliy tafakkur, tarixiy xotira hamda fidoyilik ruhini shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri sanaladi. Ana shu ezgu maqsad yoʻlida Isajon Sultonning “Muhandis” romani “Innovatsion rivojlanish nashriyot matbaa uyi” tomonidan kitobxonlarga yana bir bor taqdim etildi.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan “Oʻzbek muhandislik tafakkurining badiiy talqini” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir adabiyot ixlosmandlari, yosh kitobxonlar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini bir maydonga jamladi.

Tadbir davomida taʼkidlanganidek, “Muhandis” romani mamlakatimiz muhandislik sohasining qariyb bir asrlik rivojlanish tarixini, milliy muhandislar avlodining shakllanish jarayonini hamda ilm-fan yoʻlidagi mashaqqatli izlanishlarni badiiy talqinda yorituvchi muhim asarlardan biridir. Roman voqealari zamonaviy bilim olishga intilgan, oʻzining tirishqoqligi va salohiyati bilan yetuk olim hamda ustoz darajasiga koʻtarilgan Oqil Umurzoqovich Salimov hayoti asosida tasvirlangan.

Asarda ilmiy tafakkur, mehnatsevarlik, vatanparvarlik va insoniy matonat gʻoyalari chuqur badiiy ifoda topgan. Ayniqsa, yoshlarni ilm-fanga mehr qoʻyishga, izlanishdan toʻxtamaslikka undovchi ruh asarning asosiy gʻoyaviy yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

Taqdimot davomida adabiyotshunoslar va soha mutaxassislari roman mazmun-mohiyati, uning bugungi yoshlar tarbiyasidagi oʻrni hamda oʻzbek muhandislik tafakkurining badiiy adabiyotdagi aksiga oid fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, tadbir doirasida kitob koʻrgazmasi tashkil etilib, asardan parchalar oʻqildi hamda kitobxonlar bilan savol-javoblar oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, “Muhandis” romani nafaqat badiiy asar, balki ilm-fan va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan muhim maʼrifiy manba sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Tadbir ishtirokchilari bu kabi adabiy uchrashuvlar yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularni ilmiy tafakkur va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutishini taʼkidladilar.

About the Author

You may also like these