Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pavel Durovni hibsga olish qarori siyosatga aloqador emasligini maʼlum qildi.
“Pavel Durov hibsga olinganidan keyin Fransiya haqidagi yolgʻon maʼlumotlarni oʻqiyapman. Fransiya soʻz va muloqot erkinligi, innovatsiyalar va tadbirkorlikka sodiqdir. Telegram rahbarining Fransiya hududida hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida amalga oshirildi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.
U mazkur ish siyosiy qaror emasligini taʼkidlagan. Fransiya rahbariga koʻra, “huquqiy davlatda fuqarolarni himoya qilish va ularning asosiy huquqlarini hurmat qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda ham, real hayotda ham erkinliklar qonun doirasida taʼminlanadi”.
“Sud hokimiyati toʻliq mustaqil faoliyat yuritib, qonun ijrosini taʼminlashi shart”, deya xulosa qilgan Makron.
Telegram asoschisi Pavel Durov 24-avgust kuni Fransiyada hibsga olingani xabari berilgandi. Maʼlum qilinishicha, u Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qoʻlga olingan.
Telegramda moderatsiyaning yoʻqligi, ushbu tarmoqda sodir boʻlayotgan noqonuniy harakatlar, jumladan, giyohvand moddalarni tarqatish, bolalar pornografiyasi hamda firibgarlik va boshqa ayblovlar uchun Durovga qidiruv eʼlon qilingan. Shuningdek, fransuz huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmagani uchun hibsga olish haqida order berilgan.