Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni “Sharq taronalari” oʻn uchinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida mehmonlarni koʻrishdan mamnunligini bildirib, ularga xalqimizning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. “Sharq taronalari” festivali, mohiyat eʼtiboriga koʻra, bugungi kunda “jahon taronalari” anjumaniga aylanganini taʼkidladi.
– Oʻtgan davr mobaynida Samarqandning yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. Koʻhna Sharq bagʻrida tugʻilgan musiqiy qadriyatlar anjumanimiz tufayli xalqaro miqyosda keng eʼtibor va eʼtirof qozondi. Festival oʻnlab mahoratli xonanda va sozandalarni, isteʼdodli yoshlarni kashf etdi, ularning parvoziga qanot, ijodiga kuch va ilhom bagʻishladi,– dedi Shavkat Mirziyoyev.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bunday anjumanlar koʻpaydi. Maqom, baxshichilik, folklor va raqs sanʼati, hunarmandchilik festivallari kabi xalqaro madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Bular Oʻzbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu daʼvati ekani qayd etildi.
– Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul boʻlib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl sanʼat, musiqa va adabiyot xaloskor kuch boʻlib maydonga chiqishi zarur, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Davlatimiz rahbari xalqlar oʻrtasida doʻstlik va ahillikni mustahkamlash, musiqiy merosni oʻrganish va kelgusi avlodlarga yetkazish masalalariga eʼtibor qaratdi. Shu nuqtayi nazardan, “Sharq taronalari” festivali tarixi va musiqa madaniyatiga doir maʼlumotlarni oʻzida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shaklini yaratish, anjumanning xalqaro “Doʻstlar klubi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Festivalning gʻolib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida konsert dasturlarini oʻtkazish taklifi bildirildi.
Marosimda YUNЕSKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va boshqa tashkilotlardan faxriy mehmonlar ishtirok etdi. Umuman, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod sanʼatkor va olimlar qatnashmoqda.
Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham boʻlib oʻtadi.