“Zafarnoma” kitobi qayta nashr etildi

Temuriylar tarixi davlat muzeyida “9-aprel — Amir Temur tavalludi kuni” munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Unda nafaqat yurtimiz tarixchilari va adabiyot ahli, balki xorijiy davlatlardan ham olimlar tashrif buyurdi. Tadbir davomida Oʻrta asrning atoqli davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur haqida soʻz bordi va taʼkidlandiki, turli adabiyotlarda bir-biriga zid fikrlar mavjud boʻlib, oʻsha mualliflar yashagan davr nuqtayi nazari asosida baho berilgan.

Bugungi avlod uchun bobokalonimizning haqqoniy tarixi Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobida aks etgan va uni adabiyotshunos olimlarimizning chuqur ilmiy izlanishlari asosida qayta nashr etildi. Kitobning dastlabki fors tilidan tarjimasi muallifi Omonullo Boʻriyevdan soʻng, Ibrohim Sulton va loyiha muharriri Muhammad Ali tomonidan yana maʼlumotlar bilan boyitilib, qayta toʻldirildi va ming nusxada chop etildi.

Shu bilan birga kitobni oʻquvchilarga yanada qiziqarliroq va mutolaada qulayroq boʻlishi uchun “Amir Temur va Temuriylar davri siymolari” deb nomlangan risolalar chop etilib, tadbirda ularning ham taqdimoti oʻtkazildi.

Aytish kerakki, hozirda xalqimiz orasida Amir Temur davri tarixiga, Sohibqironning jang-u jadallarda oʻtgan hayotiga qiziqish tobora kuchaymoqda. Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi mazkur kitoblarni nashrga tayyorlashda va yoshlarni bobokalonimiz tarixini chuqurroq oʻrganishlari uchun tanlovlar tashkil etishda bosh-qosh boʻldi.

“Zafarnoma” tarixiy asar sifatida XIV-XV asr boshida Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrini aks ettirgan noyob tarixiy memuar asar boʻlib, doimo ilm ahli uchun oʻsha davrni oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qilib kelgan va bugungi kunda ham ahamiyatini yoʻqotmagan nodir asar hisoblanadi.

About the Author

You may also like these