Bukmekerlik faoliyatini legallashtirish, ayrim soliq imtiyozlarini bekor qilish, chiqindilarni olib chiqish boʻyicha qarzdorlik uchun sanksiyalarni bekor qilish — qonun hujjatlariga ushbu va boshqa oʻzgartirishlar kelgusi yildan kuchga kiradi.
Norma.uz yozishicha, 1-yanvardan quyidagi oʻzgartirish va yangiliklar nazarda tutilgan:
Bukmekerlik faoliyatini legallashtirish.
Oʻzbekistonda internet orqali tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Internetda lotereyalar, oʻyinlar tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish ushbu faoliyatni tartibga solish va litsenziyalash boʻyicha vakolatli organ tomonidan belgilangan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshirilishi mumkin boʻladi.
Elektron bilaguzuklarni joriy etish.
Uy qamogʻi ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilgan shaxslarning bilaguzuk taqishi amaliyoti kelgusi yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. BHMS va MHXS boʻyicha tayyorlangan moliyaviy hisobotning yangi shakllari joriy etilmoqda.
Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari, ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizom kuchga kiradi (2024-yil uchun moliyaviy hisobot yangi qoidalar boʻyicha taqdim etiladi).Nizom moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlarini belgilaydi:
• BHMS boʻyicha — hisobot yilidan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay. Ilgari moliyaviy hisobot 15-fevraldan kechikmay taqdim etilgan;
• MHXS boʻyicha — hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmay.
Aholi farovonligini oshirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar.
Kam taʼminlangan oilalarning bolalariga nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarning rasman band boʻlmagan aʼzolari ishga joylashganda, oʻzini oʻzi band qilganda, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni toʻlash muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatda davom ettiriladi.
Shuningdek, MHEKMning 1,5 baravaridan kam boʻlmagan oylik ish haqi bilan band boʻlgan, Kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan oila aʼzosiga 3-yil davomida 1% stavka boʻyicha ijtimoiy soliq toʻlanadi.
Tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari oʻzgartirilmoqda.
Nodavlat tibbiyot muassasalarida operatsion boʻlimlar tashkil etilganda ular shtatida:
• mutaxassisligi boʻyicha kamida birinchi malaka toifasiga ega boʻlgan jarroh va anesteziolog-reanimatolog;
• jarrohlik ixtisosligi boʻyicha malaka toifasiga ega boʻlgan yordamchi shifokor;
• birinchi malaka toifasiga ega boʻlgan anesteziologiya-reanimatologiya va operatsiya boʻlimi hamshirasi.Operatsiya va reanimatsiya xonalarida video va audio yozuvlar kameralari oʻrnatiladi. Yozuvlar ularning maxfiyligi va shifokor siri taʼminlangan holda bir yil mobaynida saqlanadi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Yosh xodimlar uchun ijtimoiy soliq toʻlanmaydi.
Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan qoplab berilgan imtiyoz bekor qilinmoqda.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda.
Kam taʼminlangan oilalar farzandlarini mehribonlik uylari va bolalar uylariga vaqtincha qabul qilish toʻxtatiladi. Shu bilan birga, hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar tomonidan “Kambagʻallikdan farovonlikka” dasturi doirasida oilalarni kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻrilmoqda.
Poytaxtda havo monitoringini amalga oshirish boshlanadi.
Ekologiya vazirligi va poytaxt hokimligi Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni oʻrnatish ishlarini boshlaydi.
Kambagʻal oilalar uchun imtiyozlar.
Kambagʻal oilalarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.
Turizm sohasidagi kompensatsiyalar.
Faoliyati boshlanganidan 3-yildan koʻp boʻlmagan turoperatorlar uchun xalqaro turistik yarmarkalar va koʻrgazmalarda pavilyonni ijaraga olish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.Hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida pavilyonlarni ijaraga olish, ular tomonidan koʻrsatiladigan mahsulotlar va aviachiptalarni tashish xarajatlarining 50 foizi Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Toʻsiqsiz muhitni yaratish boʻyicha yangi talablar.
Taʼlim xizmatlari, bank, tibbiyot, farmatsevtika faoliyati va kredit byurosi faoliyati sohasida litsenziya berish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyaning obyektda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhit yaratilganligi toʻgʻrisidagi xulosasi talab etiladi.
Chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha qarzdorlik uchun sanksiyalar.
Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha xizmatlar uchun haq toʻlanmagan taqdirda abonentlardan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy etiladi. Cheklov respublikaning barcha hududlarida chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha oylik qarzdorlik uchun joriy etiladi.
Tuman poliklinikalarida yangi shtat birliklari joriy etilmoqda.
Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida sogʻliqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobiga shtat birliklari joriy etiladi:• onkologik nazorat xonasi uchun akusher-ginekolog shifokori;
• mobil va statsionar mammograflar ishini ikki smenada tashkil etish uchun rentgen laborantlari.
Tadbirkorlarni himoya qilish choralari kuchaytirildi.
Keyingi yildan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:
• jismoniy shaxs tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirganlik uchun moliyaviy sanksiyalar;
• maʼmuriy javobgarlik:
– fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
– qonun hujjatlarida majburiy raqamli markirovkalash belgilangan ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
– xodimlar sonini yashirish.Tadbirkorlik subyektlari faoliyati boʻyicha oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtish orqali biznes-ombudsmanga xabar berish tartibida amalga oshiriladi.
Davlat muassasalarida tavakkalchilik boʻyicha qoʻmitalar tashkil etiladi.
Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitalari tashkil etiladi. Bunda ushbu tashkilotlarning ichki audit xizmatlari ham qoʻmitalarning ishchi organi hisoblanadi.
Pedagoglarga qoʻshimcha ustamalar toʻlash.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ona tili, adabiyot va tarix fanlari boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan va ushbu fanlarni oʻqitadigan pedagog kadrlarga tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Ayrim soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda.
Moliya yili davomida qabul qilingan va byudjet daromadlarini kamaytirishni, soliq va bojxona imtiyozlarini berishni, shuningdek soliq boʻlmagan tushumlardan byudjetga ajratmalarni kamaytirishni nazarda tutuvchi normalar keyingi moliya yilidan boshlab amalga kiritiladi.
Quyidagilar bekor qilinadi:
• yagona tariflar boʻyicha yoʻlovchi tashish xizmatlari aylanmasi uchun, shuningdek, yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun QQS boʻyicha imtiyozlar;
• yangi bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar barpo etilgan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar. Ushbu yer uchastkalari boʻyicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
Jahon brendlari roʻyxati shakllantirilmoqda.
1-aprelgacha SSP quyidagilarni shakllantiradi va eʼlon qiladi:
• xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 500 oʻrinni egallagan mashhur xalqaro brendlar roʻyxati;
• milliy brendlar roʻyxati ikki bosqichda:
I — Adliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda barqarorlikning yuqori va oʻrta reytingiga ega boʻlgan 12 ta sanoat yoʻnalishida roʻyxatdan oʻtgan tovar belgilari roʻyxatini shakllantiradi;
II — roʻyxatga kiritilgan tovar belgilari boʻyicha milliy konsalting kompaniyalarining tadqiqotlari, ushbu tovar belgilarining OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi, ular haqidagi soʻrovlar soni, aholi oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar tahlili natijalari asosida milliy brendlar roʻyxatini shakllantiradi va eʼlon qiladi.
Davlat poyezdda tashishdagi zararlarni qoplaydi.
Mahalliy yoʻnalishlarda poyezdlarda yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar (yuqori tezlikda va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchi tashish bundan mustasno) davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Lomni sotish faoliyati uchun litsenziya tartibi joriy etiladi.
Qora va rangli metallar lomi hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va sotish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyatning litsenziyalash tartibi joriy etiladi.
Tadbirkorlar qurilish ishlarini autsorsing asosida texnik nazoratga jalb etiladi.
Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish (taʼmirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari obyektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini autsorsing asosida texnik nazorat qilish xizmatlarini koʻrsatishga tadbirkorlik subyektlarini jalb etishga ruxsat berildi.
Farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilishning markazlashtirilgan tartibi.
Barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashtirilmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish bosqichma-bosqich markazlashtirilgan tartibga oʻtkaziladi.
Kadrlar tayyorlash kvotasini shakllantirish tartibi oʻzgartiriladi.
Davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash kvotasi nodavlat oliy taʼlim muassasalariga ularning reytingdagi pozitsiyasiga koʻra ajratiladi. Shuningdek, taʼlim sohalari kesimida oliy taʼlim tashkilotlari reytingi yuritiladi.