Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari 100 jildligining 31-40-jildlari nashrlari taqdimoti oʻtkazildi. Unda yosh olimlar, professor-oʻqituvchilar, folklorshunoslar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimotda kitobning yaratilish jarayoni, unga kiritilgan dostonlar va ularning mazmuni xususida soʻz bordi.
Misol uchun, 32- jild “Qirq yigit va qirq qiz” deb atalgan. Jild “Goʻroʻgʻli dostonlari Qoʻrgʻon baxshilari talqinida”gi soʻzboshi bilan boshlanadi.
– Kitobning 31-40-jildlarida oʻzbek folklorida juda ham muhim oʻrin egallagan Ergash Jumanbulbul kabi baxshilardan yozib olingan nodir dostonlar joy olgan, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov. – Undan tashqari ertak va toʻy-marosim qoʻshiqlari ham joy olgan.
Bu folklor namunalarini faqatgina badiiy soʻz ifodasi deb emas, millatning tarixi, madaniyati, anʼanalari, qadriyati va oʻzbek tilining eng yuksak koʻrinishi deb aytishimiz mumkin.
Xalq ogʻzaki ijodi namunalariga bagʻishlangan bu kabi kitoblarning nashr qilinishi oʻzbek folklori tarixi, rivojlanish taraqqiyoti, bugungi holatini oʻrganishda eng muhim manba boʻlib xizmat qiladi.