15-yanvar kuni Turizm qoʻmitasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasi filiali ochildi.
Tantanali ochilish marosimida Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Toʻlqin Teshaboyev, turizm sohasining tajribali mutaxassislari, TDIU professor-oʻqituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi oʻlaroq tashkil etilgan ushbu filial turizm va mehmonxona sohasidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, turizmni mamlakat iqtisodiyotidagi muhim tarmoqqa aylantirish uchun katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Yigʻilganlar Turizm qoʻmitasida professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot va oʻquv xonalari hamda 2000 dan ortiq kitoblarni oʻz ichiga jamlagan kutubxona faoliyati bilan tanishdilar.