Oʻzbekistonlik rejissyorning hujjatli filmi Berlin kinofestivalida namoyish etiladi

Rejissyor Sabina Bakayeva 2025-yilning 13−23 fevral kunlari boʻlib oʻtadigan 75-Berlin xalqaro kinofestivalida “Oydin” hujjatli filmi bilan debyut qiladi. Film Berlinale Forum Special boʻlimida namoyish etiladi.

Hujjatli film syujeti ona va qizning vaqt kontekstida ayol shaxsiyatining shakllanishi va oʻziga boʻlgan munosabati, shuningdek, aqidalar, anʼanalar va shaxsiy tajribaning unga taʼsiri haqidagi samimiy suhbatiga asoslanadi. “Oydin” filmining qahramonlari rejissyorning oʻzi va uning 66 yoshli onasi boʻlib, u son-sanoqsiz taqiqlar zanjirini sindirishga va oʻz hayotini shaxsiy qarashlariga muvofiq qurishga erishgan.

“Berlinaleʼga kiritilishimni omadimning chopishi deb bilaman, chunki ilgari qoʻlimga hech qachon kamera olmaganman. Film suratga olish faqat tomoshabinlar uchun ishlangandagina rejissyorning isteʼdodi va mahorati uchun sinov boʻladi. Men esa filmni oʻzim uchungina suratga oldim. Oʻz terapiyam uchun, chunki aks holda onam bilan oʻzi haqida gaplasha olmasdim”, — deydi Sabina Bakayeva.

Bu Berlinale dasturiga kiritilgan Oʻzbekistonning uchinchi filmidir. Unda avvalroq Saodat Ismoilovaning “40 kunlik sukunat” va Yusuf Roziqovning “Notiq” filmlari namoyish etilgan edi. Berlindagi premyeradan soʻng “Oydin” Toshkentdagi shaxsiy namoyishda koʻrsatiladi.

About the Author

You may also like these