Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyati axborot-kutubxona markazida “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tuman-shaharlar hokimi oʻrinbosarlari, ijtimoiy sohada mehnat qilayotgan xodimlar, yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aholi oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish, kitob mutolaasiga qiziqtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishda Fargʻona tajribasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning doirasida koʻplab tadbirlar tashkil etilyapti. Viloyat hokimining “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasini tashkil etish va oʻtkazishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida yana bir tashabbusga qoʻl urilib, mazkur loyiha tashkil etildi.
– Loyihani oʻtkazishdan asosiy maqsad davlat xizmatchilari oʻrtasida kasbiy malaka va koʻnikmalarni doimiy ravishda rivojlantirib borish, kitobxonlikka jalb qilish, ularning orasida mutolaa madaniyatini oshirish hamda axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlashdan iborat, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona filiali rahbari Ahadjon Akbarov. – Bugungi kunda viloyatimizda 7 mingdan ziyod davlat xizmatchilari bor. Albatta, ular oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish juda muhim. Oʻtgan yilda “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi oʻtkazildi, davlat organlarida moʻjaz kutubxonalar tashkil etildi.
“Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi doirasida dastlab davlat xizmatchilari kutubxonaga aʼzo boʻldi. Kitob targʻibotining interfaol shakllari namoyish etildi.
Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Sherzodjon Polvonov va boshqalar kitob mutolaasi, kitobxonlik har bir davlat xizmatchisi uchun muhim mezon boʻlishini qayd etib, oʻzlarining kitob haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Samimiy muloqotda Fargʻonada kitobxonlikni yanada ommalashtirish boʻyicha takliflar aytib oʻtildi.
Davlat xizmatchilarining bilim koʻnikmalarini aniqlash maqsadida “Zakovatli xodim” intellektual viktorina oʻyini oʻtkazilib, gʻoliblar taqdirlandi. Ishtirokchilar mantiqiy va tezkor savollarga tez, aniq javob berishdi.
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish qilindi, “Muvaffaqiyatlar maktabi” mahorat darsi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Javlon Jovliyevning “Qoʻrqma” romani asosida yaratilgan film davlat xizmatchilariga manzur boʻldi.
Viloyatdagi davlat xizmatchilarini kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirish va faol kitobxonlarning safini yanada kengaytirish sohasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkilotlar bilan viloyat axborot-kutubxona markazi oʻrtasida memorandum imzolandi. Ishtirokchilarning kutubxona boʻylab sayohatlari tashkil etildi.