“Mutolaa” loyihasi: eng koʻp kitob oʻqigan kitobxonga elektromobil sovgʻa qilinadi

“Mutolaa” bu – Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy tashabbus. Loyiha yosh avlodni kitob oʻqishga ragʻbatlantirish, milliy va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommaga taqdim etish orqali kitobxonlik muhitini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Loyiha Yoshlar ishlar agentligi tomonidan tashkil etilgan.

Agentlik maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda yurtimiz aholisini kitob oʻqishga keng jalb etishga qaratilgan “Mutolaa” loyihasi foydalanuvchilari 1,4 millionga yetdi.

–Kuzatuvchilar telefoniga “Mutolaa” ilovasini yuklab olish orqali 3000 dan ortiq elektron va audio kitoblarni qoʻlga kiritishlari hamda ularni mutolaa qilishlari mumkin, – dedi “Mutolaa” ilovasi media boʻlimi rahbari Jasurbek Anvarov. – Eng katta rejalarimizdan biri bu eng faol kitobxonlarga chet elga sayohatlar, oromgohlar uchun yoʻllanma va eng koʻp oʻqigan kitobxonimizga elektromobil sovgʻa qilishni reja qilganmiz.

“Mutolaa” ijodkorlari tomonidan yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar ham taqdim etilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, bir yil davomida Andijon, Toshkent va Jizzax viloyati yoshlari “Mutolaa”dan eng koʻp foydalangan.

–Yosh kitobxon sifatida davlatimiz rahbariga ushbu loyihani ilgari surib, biz yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun oʻz minnatdorligimni bildiraman, –dedi Shahnoza Bahromova.–Bugungi kunda platformaning rivojlanishi uchun oʻzimiz qatori yoshlarni ortimizdan ergashtirish uchun oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman va bundan judayam xursandman. Kitobxonlikka eʼtiborimiz kuchaygan sari biz yoshlar yuksak parvozlar sari intilaveramiz. “Mutolaa” loyihasidan bemalol uyda ham, avtobus va metroda yurganimizda ham foydalanishimiz mumkin.

Loyiha milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini elektron va audio formatlarda jamlaydi va ulardan bepul foydalanish imkoniyatini yaratadi. Yoshlarni qiziqtirish uchun kitoblarning mazmuni asosida yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar taqdim etiladi. Kitoblar zamonaviy texnologiyalar yordamida raqamlashtirilib, keng koʻlamdagi auditoriya uchun ochiq qilinadi.

Loyiha oʻz faoliyatini maxsus ishlab chiqilgan “Mutolaa” mobil ilovasi hamda YouTube, Instagram va Telegram platformalari orqali amalga oshiradi. Bu orqali foydalanuvchilarga kitoblarni oʻqish va tinglash, video-kitoblarni koʻrish va yangiliklardan xabardor boʻlish imkoniyati yaratilgan.

Mazkur loyiha kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, yoshlarning intellektual rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirishni koʻzda tutadi.

“Mutolaa” loyihasi yoshlar uchun intellektual muhit yaratish, ularni oʻz hayotlarini boyitishga chorlovchi noyob tashabbusdir. Kitob oʻqish endi nafaqat foydali, balki qulay va zamonaviy formatda ham amalga oshiriladi.

About the Author

You may also like these