Oʻzbekiston aql darajasi reytingida yuqoriladi

Mamlakat IQ darajasini aniqlash boʻyicha reytingdagi 127 davlat ichida 69-oʻrinni egalladi.

Xalqaro IQ reyestri dunyoning turli mamlakatlaridagi oʻrtacha IQ (Intelligence quotient, intellekt koeffitsiyenti – inson aql darajasining miqdoriy bahosi) maʼlumotlarini eʼlon qildi.

Birinchi oʻrin 107,43 ball bilan Xitoyga nasib etgan boʻlsa, Oʻzbekiston 96,98 ball bilan roʻyxatdagi 127 davlat ichida 69-oʻrinni egalladi. Dunyo boʻyicha oʻrtacha IQ 100 ballni tashkil qiladi.

Reyting mualliflari taʼkidlashicha, tadqiqot 2024-yilda ushbu saytda bir xil testdan oʻtgan butun dunyo boʻylab 1,4 mln kishi maʼlumotlariga asoslangan. Baʼzi mamlakatlar maʼlumotlar yoʻqligi sababli kiritilmagan. Reyting har yili 1-yanvarda yangilanadi.

“Mamlakatlar boʻyicha oʻrtacha IQ Sharqiy Osiyoda yuqoriroq. Oʻrtachaga yaqin — Yevropa, Gʻarbiy Osiyo, Okeaniya, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada. Markaziy va Janubiy Afrika hamda Lotin Amerikasida oʻrtachadan past”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, test sinovida Oʻzbekistondan 8986 kishi ishtirok etgan. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 94,81 ballga teng edi, bu yil 2,17 ga oshgan.

Kuchli uchlikka Xitoy (107,43), Eron (106,63) va Janubiy Koreya (106,57) kirdi. Gabon 85,56 ball bilan soʻnggi oʻrinni egalladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston 66-oʻrinda (97,27), Qirgʻiziston 84-oʻrinda (95,0), Tojikiston 96-oʻrinda (93,75), Turkmaniston haqida maʼlumot yoʻq.

Tadqiqotchilar taʼkidlaganidek, mamlakatdagi oʻrtacha IQ miqdoriga quyidagilar taʼsir qiladi:

– Yuqumli kasalliklar: 2010-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yuqumli kasalliklar darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlarda odatda IQ miqdori past boʻlgan aholi yashaydi. Ushbu kasalliklar kognitiv rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Afrika yuqumli kasalliklardan eng koʻp zarar koʻrgan qitʼadir.

– Ovqatlanish odatlari: 2025-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yaxshi ovqatlanish odatiga ega boʻlgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda yuqori IQ miqdoriga ega.

– Intellektual faoliyat: 2022-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, muntazam ravishda shaxmat oʻynash bolalarning IQ darajasini oshirishi mumkin. 1962-yildagi yana bir tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ikki tilda soʻzlashadigan bolalar faqat bir tilda gapiradigan bolalarga qaraganda IQ testida yuqori ball olgan.

– Genetika: 2013-yilda mingdan ortiq egizaklar ishtirokida oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, IQ 50-80 foiz genetika bilan belgilanadi.

Xulosa qilinishicha, sogʻlom ovqatlanish odatlarini targʻib qiluvchi va oʻz fuqarolarini intellektual ragʻbatlantiruvchi faoliyat bilan shugʻullanishga undaydigan, sogʻliqni saqlash tizimi yaxshi rivojlangan mamlakatlarda oʻrtacha IQ darajasi yuqori boʻlgan aholi yashaydi.

About the Author

You may also like these