Oʻzbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Usmon Azim Qozogʻistonning adabiyot sohasidagi xalqaro “Alash” mukofoti bilan taqdirlandi.

Mazkur mukofot ustoz ijodkorga Almati shahrida Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil etilganining 90-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirda topshirildi.
Qardosh mamlakatning adabiyot sohasidagi ushbu mukofoti shuningdek, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, atoqli adib Sulton Rayev, ozarbayjonlik yozuvchi, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor Rzayev, Turkiya Yozarlar birligi raisi Musa Kozim Arijan, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Arslan Koyshiyev kabi atoqli ijodkorlarga ham topshirildi.
Aytish kerakki, ustoz shoir, adabiyot muxlislarining ardoqli ijodkori Usmon Azim sheʼriyatida milliy ruh, milliy oʻzlik, Vatan tuygʻusi oʻziga xos betakror ohanglarda ifoda etilgani bilan ahamiyatlidir. Xalqimizning sevimli shoiri Vatan, gʻurur, or, inson shaʼni va qadri, mehr-muhabbat, odamiylik kabi umrboqiy mavzularni gʻoyat baxshiyona, takrorlanmas goʻzallik, faxr, yurak iztirobi, hayqiriq, joʻshqinlik, gohida esa mahzunlik bilan, ayni paytda har bir kitobxonning, sheʼriyat muxlisining qalbini zabt eta oladigan tarzda tarannum etishi diqqatga sazovor.Usmon Azim 1950-yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tugʻilgan. 1972-yilda Toshkent Davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida taʼlim olgan. Usmon Azim respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir oʻrinbosari (1976-1989), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1989- 1990) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida masʼul lavozimlarda faoliyat olib borgan.
U oʻzining “Insonni tushunish” nomli ilk kitobi bilan 1979-yilda adabiy jamoatchilik eʼtiboriga tushgan. Shundan soʻng shoirning “Holat”(1979), “Oqibat” (1980), “Koʻzgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “Gʻaroyib ajdarho” (1990), “Uygʻonish azobi” (1991), “Gʻussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yoʻq ekan” (1995), “Saylanma” (1995), “Kuz” (2001) kabi sheʼriy va “Jodu” (2003), “Adibning umri” (2010), “Soʻngsoʻzlar” (2020) nasriy toʻplamlari, nasr va nazmdan iborat “Kollaj” (2018) nasriy toʻplamlari nashr etilgan.
Usmon Azim “Baxtli boʻlaylik”, “Hujjatli film uchun syujet”, “Bahodir va Malika” singari radiopyesalar yozgan. Ijodkor shuningdek, “Bir qadam yoʻl”, “Kunduzsiz kechalar”, “Bozor” (1997), “Alpomishning qaytishi” (1998), “Jazava” (2000), “Baxt qushi” (2002), “Oʻtgan zamon hangomalari” (2003) kabi pyesalar muallifidir. Ularning aksariyati Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Adabiyotshunoslar ustoz ijodkorning adabiyotning barcha janrlarida mahorat bilan ijod qilishini eʼtirof etadi.
Usmon Azim, shuningdek, kinodramaturgiyada ham qalam tebratib, “Alisher Navoiy“ kinoqissasi (1990), “Alpomish“ kinodostoni (1997), “Sevgi“ (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali “Alpomish“ (2000) filmlarining ssenariysini yaratgan.
Elyuar, Vatsiyetis, Dogʻlarja, Voznesenskiy, Marsinkyavichyus va boshqa koʻplab shoirlarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Ustozning sheʼrlari ingliz, fransuz, nemis, polyak, makedon, turk, gruzin, eston, litva, tojik, qozoq, qirgʻiz va boshqa koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilingan. Koʻplab sheʼrlari ajoyib qoʻshiqlarga aylangan.
Usmon Azim – uch mingga yaqin sheʼriy asarlar muallifi. U sheʼriy maktab yaratgan kamdan-kam shoirlardan biridir. Usmon akaning asarlari zamonaviy oʻzbek poeziyasi va dramaturgiyasining yuksak saviyasini belgilovchi mavqega ega.
Usmon Azim Gruziyaning Vladimir Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1982). “Doʻstlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan.