Milliy sertifikat olish uchun oʻtkazilayotgan imtihon talablari nega jamoatchilikda eʼtiroz uygʻotdi?

Maʼlumki, My.gov.uz portalida barcha fanlardan (tegishli umumtaʼlim va maxsus fanlardan) bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat olish uchun imtihonda qatnashishga ariza berish xizmati joriy etilgan. Milliy sertifikat imtihonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktyabrdagi “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan tartibga solinadi.

Unga koʻra, tegishli umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikat darajasiga mos ravishda oliy taʼlim muassasasi bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball yoki maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi yoʻlga qoʻyilgan.

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlayotgan ayrim test topshiriqlari hamda esse mavzularining imtihon savollari bilan muvofiqligi agentlik tomonidan oʻrganib chiqildi. Tahlil jarayonida mazkur holat turli omillar taʼsirida yuzaga kelgani maʼlum boʻldi.

Maʼlumki, yozma savodxonlikni baholashda oʻlchov vositasi sifatida yozma ishning esse turidan foydalanilmoqda. Esse yozish texnologiyasi boʻyicha koʻnikma va malakalarni shakllantirish va oʻzlashtirish talabi yaqin yillardan boshlab taʼlim dasturlarida belgilab koʻrsatildi. Shu sababli dastlab milliy test tizimi doirasida ona tili va adabiyot fanidan oʻtkazilgan imtihon jarayonlarida yozma savodxonlikni baholashga yoʻnaltirilgan test topshiriqlari sifatida oʻquv dasturlarida belgilab koʻrsatilgan mavzularga mos vaziyatlarga oid esse yozish talabi belgilangan edi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, talabgorlar orasida yozma savodxonlikni oshirishga boʻlgan eʼtibor ortgani bois esse yozish malakasi ham toʻlaqonli shakllanib bormoqda. Shu bois oʻtkazilayotgan imtihon jarayonlarida esse mavzulari sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan, eʼtiborga loyiq dolzarb va qiziqarli mavzular tanlanmoqda.

Xususan, taʼlim sohasidagi muammolar, xususiy oliy taʼlim muassasalari faoliyati, ayniqsa, joriy yilda boʻlib oʻtgan “Parij-2024” yozgi Olimpiada oʻyinlarida yurtdoshlarimizning qoʻlga kiritgan yutuqlari asnosidagi sport va taʼlimga boʻlgan eʼtibor mavzularining keng jamoatchilik muhokamasida ekani sir emas. Esse uchun omma eʼtiborida boʻlgan mavzular tanlanishi bir qancha sabablar tufaylidir. Talabgor uchun notanish mavzu uning tilni bilishga oid bilimlarini aniqlashga xizmat qilmasligi mumkin. Esse yozish jarayonida talabgorning jamiyatshunoslik, tarix yoki boshqa fanlarga oid bilimlari emas, balki uning yozma savodxonligi tekshiriladi, matn yaratish, matnga xos mantiqiy-mazmuniy xususiyatlar, til birliklaridan matnda toʻgʻri foydalana olish, imlo qoidalariga amal qilish, tinish belgilarini toʻgʻri qoʻllay olish, lugʻat boyligidan unumli foydalana olish kabi bilim, koʻnikma va malakalar baholanadi.

Qayd etilishicha, umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni berish uchun tuziladigan test topshiriqlari umumiy oʻrta taʼlim tizimiga joriy etilgan davlat taʼlim standartlariga hamda taʼlim oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Xususan, ona tili fanidan lingvistik va nutqiy kompetensiyalarni, adabiyot fanidan badiiy asarni tahlil qilish hamda adabiy-nutqiy kompetensiyalarni baholashga yoʻnaltirilgan test topshiriqlaridan foydalanilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ochiq va yopiq turdagi test topshiriqlari ham turli muhokamalarga sabab boʻlgan. Tahlillar jarayonida mazkur test savollarining ayrimlari agentlik tomonidan hozirgi kunga qadar oʻtkazilgan imtihonlarda foydalanilgan test topshiriqlariga mos kelsada, ularning aksariyati Bilim va malakalarni baholash agentligi test bazasiga daxldor emasligi maʼlum boʻldi. Muhokamaga sabab boʻlayotgan ayrim test topshiriqlarining 2- va 3-noyabr kunlarida boʻlib oʻtgan imtihon variantlaridagi test topshiriqlari bilan muvofiqligi bevosita Rash modeli ilmiy-nazariy tahlili talablari bilan bogʻliq.

Unga koʻra, bir oʻquv yili davomida oʻtkaziladigan imtihonlarda foydalaniladigan test variantlarining qiyinlik darajasi mutanosibligini taʼminlash asosiy omil hisoblanadi. Qolaversa, test variantining qiyinlik darajasi talabgorlarning test topshiriqlariga bergan toʻgʻri javoblari orqali belgilanadi. Ayni bir savolga berilgan toʻgʻri javoblar soni ortib borishi bilan Rash modeli asosida mazkur test variantiga beriladigan ball kamayib boradi. Muqaddam oʻtkazilgan imtihonlardan soʻng keng jamoatchilikka maʼlum boʻlgan ayrim test topshiriqlarining 2024-yil 2- va 3-noyabr kunlarida boʻlib oʻtgan imtihon test variantlarida ham takrorlanganini mazkur ilmiy-nazariy tahlil talabi sifatida izohlash mumkin.

About the Author

You may also like these