Maktablarda kompleks kitobxonlik dasturi qabul qilinadi

Mamlakatimizdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirishga doir Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab maktablarda kompleks kitobxonlik dasturi amalga oshiriladi. Uning doirasida:

— Boshlangʻich sinflarda kitob burchaklari tashkil etilib, oʻquvchilar eng sara 20 ta milliy va xorijiy bolalar adabiyotini ifodali oʻqishga oʻrgatiladi;

— oʻrta sinflarda kitobxonlik tanlovlari, aksiyalar hamda kutubxonalarda “Mushoira” klublari tashkil qilinib, oʻquvchilar jalb etiladi;

— yuqori sinf oʻquvchilarini maʼrifatparvar jadid namoyandalari hayoti va ijodi bilan tanishtirish maqsadida uch bosqichli “Jadidlar izidan” respublika tanlovi telekoʻrsatuv shaklida tashkil etiladi;

— maktablarda haftaning har shanba kuni “Kitobxonlik kuni” deb belgilanadi va uning doirasida “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo-yarmarkalari, “Yosh kitobxonlar tanlovi”, “Kitob muhokamasi”, “Kitobni sahnalashtirish” kabi tadbirlar oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)da bittadan “Namunali maktab kutubxonasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

About the Author

You may also like these