Ijtimoiy tarmoqlarda 9-noyabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 288-maktab oʻqituvchilari maktab hovlisida ishlashga majbur qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu xabar yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga koʻra, 288-sonli maktab oʻqituvchilari va texnik xodimlari oʻz xohishlariga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etgan.
“Tadbir doirasida mavsumiy gul va turli manzarali hamda mevali daraxt koʻchatlari ekilib, maktab hovlisi, ariqlar xazonlardan tozalangan. Hech bir pedagog-xodim mazkur xayrli ishni amalga oshirishga majburlanmaganligini bildiramiz. Anonim tarzda eʼlon qilingan xabardagi holat oʻz isbotini topmadi”, deyiladi xabarda.