Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul jarayonlarining yangi tartibi joriy etiladi

Mamlakatimizda taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar, xususan, oliy taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul jarayonlarida inson omilini toʻliq bartaraf etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Shu jumladan, hozirgi kunda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul jarayonlarini ham qayta koʻrib chiqish va inson omilini kamaytirishni taqozo etmoqda.

Ushbu yoʻnalishda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qoʻllab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqilib, ilmiy jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Mazkur farmon loyihasidan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri sifatida oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga imtihonlarsiz qabul qilish tizimining joriy etilishini eʼtirof etish mumkin.

Bunda 2025-yildan oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabulni talabgorlarning ilmiy faoliyat natijalari boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimida toʻplangan tegishli maʼlumotlari asosida jamlanadigan ballar yigʻindisiga muvofiq amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Talabgorlar oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga mutaxassislik fanlari boʻyicha ballar, xorijiy tillarni bilish darajasi boʻyicha ballar va ilmiy faoliyatda erishgan boshqa yutuqlari asosida qabul qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, farmon loyihasida Yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini joriy etish belgilanmoqda. Yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari har yili Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan uch yilga moʻljallangan dissertatsion tadqiqot loyihalari tanlovi shaklida eʼlon qilinadi. Yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini joriy etishdan asosiy maqsad yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish, dissertatsiya ilmiy tadqiqot ishlarini aniq muammolar yechimiga qaratish va ilmiy tadqiqot ishlarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Shu bilan birga, ushbu farmon loyihasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash maqsadida qabul jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali inson omilini toʻliq bartaraf etish rejalashtirilgan.

Farmon loyihasida keltirilgan oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga imtihonlarsiz qabul qilish tajribasi rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud boʻlib, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya mamlakatlarida talabgorlar suhbat natijasida (bunda talabgordan motivatsiya xati, ilmiy tadqiqot ish rejasi, ilmiy maqola va tezislari, til bilish sertifikati kabi hujjatlar portfoliosi talab qilinadi) Kanada, Finlyandiya, Italiya, Avstraliya, Daniya va boshqa davlatlarda magistratura bosqichida olgan baholari asosida qabul qilinadi (bunda universitetlarga qarab qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin).

Mazkur hujjat loyihasi orqali joriy qilinayotgan talablarda ham talabgorlar tomonidan tadqiqot taklifi (research proposal), tadqiqot ishining maqsadi va kutilayotgan natija, tavsiyanomalar va sohaga oid chop etilgan ilmiy maqolalar va boshqalar taqdim etilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, farmon loyihasida dissertatsiya tayyorlash jarayonidagi ayrim tartiblar soddalashtirilmoqda. Xususan, ilmiy darajalarni olish uchun tayyorlanadigan doktorlik dissertatsiya mavzularining bazasini yuritish Innovatsion rivojlanish agentligiga oʻtkazilib, bunda izlanuvchilar oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul qilinganidan soʻng dissertatsiya mavzulari Yagona elektron tizimda roʻyxatga olinadi va talabgor dissertatsiya himoyasini amalga oshirgunga qadar dissertatsiya mavzusini boshqa joyda eʼlon qilishga majbur boʻlmaydi.

Oʻylaymizki, mazkur farmon loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish orqali mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshadi.

About the Author

You may also like these