Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Adliya vazirligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar yaratildi.
Ushbu yoʻnalishdagi eng muhim masalalarni qamrab olgan uslubiy qoʻllanmalar davlat organi va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazildi.
Jumladan, davlat xizmatida yuzaga keladigan manfaatlar toʻqnashuvi holatlari, ularni bartaraf etish choralari boʻyicha milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga asoslangan uslubiy qoʻllanma manfaatlar toʻqnashuvini boshqarishning umumiy qoidalari, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish tartib-qoidalari, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha elektron yordamchi sanaladi.
Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha uslubiy tavsiyalar manfaatlar toʻqnashuvi holatlari hamda ularni bartaraf etish choralariga oid 49 ta muammoli savol va vaziyatlarni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ish stolida eslatma sifatida foydalanishi uchun manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar va bunday vaziyatlarda koʻriladigan choralar boʻyicha illyustrativ tarqatma materiallar ham tayyorlandi.
Mazkur materiallar davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinmalar (korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yoki kadrlar boʻlinmalari), shuningdek, Odob-axloq komissiyalari faoliyatida uslubiy yordam boʻlib xizmat qiladi.