Oliy maʼlumot maqom emas, masʼuliyatli yoʻl tanlovi

Oliy taʼlim olish – bu shunchaki oliygohga kirish yoki diplom olish emas. Bu insonning hayotda tutgan oʻrni, jamiyatdagi ahamiyati va kelajakdagi yoʻnalishini belgilovchi muhim bosqichdir. Bugun mamlakatimizda oliy taʼlimga boʻlgan qiziqish sezilarli darajada oshgan. Bu esa bir tomondan quvonarli holat boʻlsa, boshqa tomondan chuqurroq tahlil va masʼuliyatli yondashuvni talab etadi. Ayniqsa, toʻgʻri kasb tanlovi, jamiyatga foydali boʻlish va mehnat bozoridagi muvozanat nuqtayi nazaridan koʻrib chiqish zarur.

Oliy maʼlumot inson uchun koʻplab eshiklarni ochadi. Masalan: bilim olish, ilmiy izlanish olib borish, ijtimoiy mavqe orttirish, muloqot davrasini kengaytirish, xorijda oʻqish yoki ishlash kabi yoʻllar aynan oliy taʼlim asosida shakllanadi. Biroq bu imkoniyatlar faqat diplom egasiga emas, bilimi, tajribasi, kasbiga sadoqatli boʻlgan shaxslargagina xizmat qiladi.

Afsuski, ayrim yoshlar hali ham oliy oʻquv yurtiga kirishni “maqom”, “jamiyatda tan olinish” vositasi sifatida qabul qilmoqda. Bunday qarash esa nafaqat oʻzini, balki oʻqish jarayonida imkoniyatlarni, vaqtni va davlat mablagʻlarini samarasiz ishlatishga olib keladi.

Bugun mamlakatimizda yuzaga kelayotgan muhim muammolardan biri yoshlarning kasb tanlashdagi notoʻgʻri yondashuvidir. Ota-onaning bosimi, jamiyatdagi stereotiplar yoki mashhurlikka ergashish oqibatida koʻplab yoshlar oʻz qiziqishlariga mos boʻlmagan sohalarda tahsil olmoqda. Natijada oʻqishni bitirgach, oʻz sohasida ishlamaydi yoki umuman boshqa sohaga oʻtishga majbur boʻladi.

Haqiqiy oliy maʼlumot – bu insonni oʻz kasbiga fidoyi, ijodkor va jamiyatga foydali shaxsga aylantiradi. Tibbiyot yoʻnalishini tugatgan shaxs bemorlarga yordam beradi, jurnalist – haqiqatni yoritadi, muhandis – ixtiro qiladi, oʻqituvchi esa avlodlar tarbiyasi bilan shugʻullanadi. Shuning uchun ham har bir oliy maʼlumotli inson oʻz sohasida mutaxassis boʻlishi va jamiyatga amalda foyda keltirishi lozim.

Oʻzbekistonda har yili 200 mingdan ortiq talaba oliy taʼlim muassasalarini tamomlaydi va mehnat bozoriga kirib keladi. Ammo hammasi ham oʻz mutaxassisligidan kelib chiqib faoliyatini davom ettiryaptimi, yoʻqmi bu alohida masala.

Hozirda mamlakatimizda yoshlarning bandligini taʼminlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, talabalarning bandligini taʼminlash maqsadida universitet va tashkilotlar bilan hamkorlikda Karyera markazlari tashkil etilgan. Bitiruvchilarning bandligini taʼminlash boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Milliy vakansiyalar bazasida (ish.mehnat.uz) “Talabalar uchun ish” alohida funksionali joriy etilgan.

Bu kabi shart-sharoitlar nur ustiga aʼlo nur, albatta. Lekin hozirgi zamonda koʻpchilik oliygohda tahsil olishi mumkin va shuning uchun ham ish masalasida faqatgina diplom bilan emas salohiyat, bilim va koʻnikmalar kabi jihatlar ham inobatga olinadi. Shuning uchun, har bir bakalavriat yoki magistratura bosqichida taʼlim olayotgan talabalar avvalo yoʻnalishni oʻzi uchun yaxshilab tanlab olishi kerak. Oliy taʼlim – bu nafaqat bilim olish, balki tanlagan yoʻnalishida jamiyatga foyda keltirishdek yuksak maqsadni koʻzlash. Inson oʻz kasbini toʻgʻri tanlasa, oʻzini unda topsa va sadoqat bilan harakat qilsa, nafaqat oʻzining, balki butun jamiyatning taraqqiyotiga hissa qoʻshadi. Diplom – shunchaki qogʻoz emas, u orqali jamiyat oldidagi masʼuliyat boshlab beriladi. Shunday ekan, har bir talaba, har bir yosh diplomni emas, diplom orqali jamiyatga xizmat qilish gʻoyasini maqsad qilishi zarur.

About the Author

You may also like these