Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambagʻal oiladagi va nogironligi boʻlgan 4 ming 200 nafar bolaga bogʻcha taʼlimi berildi.
Viloyat hokimlariga oʻzidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Umarovaga 2025-yilda kambagʻallik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bogʻcha faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarini 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinadi va bogʻcha toʻlovi qisman qoplab beriladi.
Kambagʻal oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga oʻqitish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Mutasaddilarga 1-martgacha toʻgaraklar ochib, kambagʻal oiladagi 118 ming yoshlarni oʻqitishni boshlash topshirildi.
Toʻgarak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi.
Kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Oliygoh rektorlari ham kambagʻal oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni oʻqitishga bosh-qosh boʻladi. Vazir Q.Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Kambagʻal oilalardagi oʻzi harakatlana olmaydigan 23 ming odamga ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab oʻtiribdi.
Kelgusi yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bu odamlarni 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yoʻlga qoʻyiladi.
Natijada yaqiniga qarab turgan 15 ming aholining ishlashiga sharoit yaratiladi.
Xususiy sektor bunday xizmatni koʻrsatgan kambagʻal oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi.
Bu tajriba Toshkent shahrida 1-martgacha, boshqa hududlarda yil yakunigacha yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Kambagʻal oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj.
Shu bois 2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga qoʻshimcha 185 milliard soʻm ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablagʻi faqat kambagʻal oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat boʻlishi uchun, endilikda bu mablagʻlar tumandagi kambagʻallar soniga qarab taqsimlanadi.
Ijtimoiy daftarlar mablagʻining 30 foizini tuman hokimlariga «Inson« markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yoʻl, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.
Yana bir masala – hozirda 400 ta koʻp qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga oʻzini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.
Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.