A. Avloniy nomidagi Milliy oʻqituvchilar malakasini oshirish ilmiy-tadqiqot instituti Yandex Uzbekistan bilan hamkorlikda informatika oʻqituvchilari uchun neyron tarmoqlar va Python dasturlash tili boʻyicha bepul kurslarni ishga tushirishini eʼlon qildi.
Loyiha oʻqituvchilarning malakasini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni taʼlim jarayoniga joriy etishga qaratilgan. Kurslar nazariy va amaliy materiallarni oʻz ichiga oladi, bu esa Python bilan ishlash tajribasiga ega boʻlmagan oʻqituvchilarga dasturlash va neyron tarmoqlarning asoslarini oʻrganish imkonini beradi.
Kurs olti boʻlimdan iborat boʻlib, Python dasturlash tilining asosiy tushunchalaridan tortib, obyektga yoʻnaltirilgan dasturlashgacha boʻlgan muhim mavzularni qamrab oladi. Kurslar vaqt boʻyicha cheklovlarga ega emas, barcha oʻquv materiallari ishtirokchilarga abadiy qoldiriladi. Bu oʻqituvchilarga istalgan paytda materiallarga qaytib, oʻz bilimlarini yangilash imkoniyatini beradi. Kurslar dasturi shunday moslashtirilganki, oʻqituvchilar olingan bilimlarni oʻz oʻquv jarayonida darhol qoʻllay olishlari mumkin.
Shuningdek, ushbu kurslar nafaqat informatika oʻqituvchilarining professional koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi, balki Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlab, pedagoglarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga tayyorlaydi hamda ularga neyron tarmoqlardan taʼlim jarayonida turli muammolarni hal qilish uchun foydalanishni oʻrgatadi.
Kurslarga maxsus anketa orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin. Anketani toʻldirgan ishtirokchilar kursning barcha materiallariga kirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
*Kurslar – maʼlumot uchun materiallar boʻlib, taʼlim dasturi hisoblanmaydi.