Toshkent davlat agrar universitetining majlislar zalida Innovatsion rivojlanish agentligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyati ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Unda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan loyihalar tanlovini oʻtkazish, moliyalashtirish, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim jarayonini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Yigʻilishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarning rahbarlari, ilmiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosarlari, ilmiy kotiblar, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha masʼullar hamda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalarning rahbarlari ishtirok etdi. Ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan uchrashuvda ishtirokchilar qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Shuningdek, yosh tadqiqotchilar fikr-mulohaza va gʻoyalari bilan oʻrtoqlashib, oʻzlarini qiynab kelayotgan ayrim masalalarni bartaraf etish yuzasidan murojaat qildilar.