Fransiya bilan tibbiyot sohasida hamkorlik rivojlanmoqda (+video)

Fransiya tibbiyot sohasining rivojlangan yoʻnalishlari bilan dunyoning peshqadam mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli tibbiyot sohasidagi bilim va malakalarini oshirish uchun koʻplab davlatlardan yosh mutaxassislar oʻqishga keladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fransiyaning Oliy Psixomotor reabilitatsiya instituti rahbariyati oʻrtasida imzolangan memorandumga binoan mana ikki yildirki, neyropsixologlar, tibbiy psixologlar hamda psixiatrlardan iborat oʻzbekistonlik mutaxassislar Fransiyaning “Psixomotor terapiya va reabilitatsiya” institutida qisqa muddatli malaka oshirib qaytishmoqda.

Fransiyalik mutaxassislar shuningdek, Oʻzbekiston tibbiyot institutlarida ham boʻlib, mahorat darslarini oʻtashdi.

Neyropsixologiya, tibbiy psixologiya va psixomotor terapiya boʻyicha oʻzlashtirilgan ilmlar asosida fransuzlar bilan hamkorlikda, ilmiy-tadqiqot ishlari boshlab yuborildi, mamlakatimizga esa fransuzlar tajribasi asosida dorisiz davolash metodlari kirib kelmoqda.

Yaqinda bir guruh mutaxassislar Fransiyaning Oliy Psixomotor reabilitatsiyasi institutida uchinchi marotaba boʻlib qaytishdi. Professor Ibodullayev bu gal “Alsgeymer kasalligida neyropsixologik diagnostika” mavzusida fransiyalik mutaxassislar va institut talabalariga maʼruza oʻqidi.

Oʻzbekistonlik olim ushbu davlatga avvalgi tashriflarda “Miya insultlarida neyropsixologik diagnostika” mavzusi boʻyicha mahorat darsini oʻtgan edi. Qisqa muddat ichida “Psixomotor terapiya va reabilitatsiya” boʻyicha bitta doktorlik va uchta nomzodlik (PhD) dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar olib borildi, yigirmadan oshiq ilmiy maqolalar va tezislar chop qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand Davlat tibbiyot Universiteti, Buxoro innovatsion tibbiyot instituti va uchta xalqaro anjumanda fransuzlar metodologiyasi haqida Zarifboy Ibodullayev tomonidan maʼruzalar oʻqildi.

Shu tariqa, Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasida “Neyropsixologiya va psixomotor terapiya” sohasini rivojlantirishdagi qoʻshayotgan hissalari yuqori baholanib, Zarifboy Ibodullayevga “Fransiya Oliy Psixomotor Reabilitatsiya instituti” faxriy professori unvoni topshirildi.

Faxriy professor diplomini institut direktori, fransiyalik mashhur olim Jerar Erman topshirdi.

About the Author

You may also like these