Oʻzbekistonlik yozuvchi Nazar Eshonqul Texas universiteti qoshidagi Mundus Artium Press jahon adabiyoti nashriyoti tomonidan “Yil yozuvchisi” deb topildi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xurshid Davron oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Nazar Eshonqulga nashriyot direktori Geke Marinay tomonidan yuborilgan xatni eʼlon qildi. Maktubda Kleyton va Dallas shaharlaridagi (Oklaxoma shtati) Texas universiteti qoshidagi Mundus Artium Press jahon adabiyoti nashriyoti yozuvchini 2025-yilning eng yaxshi yozuvchisi sifatida tanlagani maʼlum qilingan.
“Ushbu nufuzli eʼtirof sizning adabiyot sohasiga qoʻshgan ulkan hissangiz va ijodiy yutuqlaringizdan dalolatdir. Barcha sovrindorlarning rasmiy eʼlon qilinishi 2024-yil 21-dekabr, shanba kuni boʻlib oʻtadi. Ushbu yuksak mukofot bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling. 2025-yil “Yil yozuvchisi” mukofoti sovrindori deb topilganingiz bilan yana bir bor qutlayman!” deyilgan maktubda.
Maʼlumot uchun, Mundus Artium Pressga 1967-yil asos solingan boʻlib, u dunyo boʻylab kashf etilmagan ijodkorlarni eʼtirof etuvchi nashriyot hisoblanadi.