Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-357-son, 14.10.2024-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi.
Dasturda quyidagi rezident yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin:
1) quyidagi talablarga mos keluvchi startap loyihalar:
- faoliyat davomiyligi – 6 oydan 7-yilgacha;
- kalendar yilida jami daromadi – 10 milliard soʻmdan oshmagan;
- inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjatga ega;
- raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori oʻsish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati boʻlgan biznes modelga ega;
- startap loyihalar ekotizimi platformasida roʻyxatdan oʻtgan;
2) startap ekotizimi ishtirokchilari – venchur jamgʻarmalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlar.