Yandex dasturlash maktabida birinchi darslar boshlandi. Tahsil Wepro maktabi bazasida haftasiga ikki marta bir yarim soatdan ochiq darslar shaklida oʻtkaziladi.
Darslarda yuqori sinf oʻquvchilari Python dasturlash tili asoslari bilan tanishishadi. Bolalar ushbu tilning asosiy tushunchalari, konstruksiyalari va til kutubxonalarini oʻrganishadi.
Loyihada ishtirok etish toʻliq bepul. Kirish sinovlari natijalariga koʻra maktabga 14 kishi qabul qilindi.
“Kelajak avlodini rivojlantirish va taʼlimga investitsiya kiritish davlat va biznesning qoʻshma faoliyatining muhim qismidir. Yoshlikdan dasturlashni oʻrganish oʻzbekistonlik yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyati va mehnat bozorida raqobatbardoshligi uchun asos boʻladi”, – dedi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.
Yandex dasturlash maktabi – 14-17 yoshli maktab oʻquvchilari uchun Python dasturlash tili asoslarini oʻrganishga moʻljallangan xalqaro loyiha. Oʻzbekistonda loyiha ilk bor 2023 yilda Toshkentda oʻz ishini boshlagan. 2024 yilda dasturlash maktabi Toshkent va Urganchda ham yoʻlga qoʻyildi. Loyiha raqamli texnologiyalar vazirligi va Yandex Go koʻmagida amalga oshirilmoqda.