Xalqaro hamjamiyat eʼtiboridagi konferensiya

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentyabrda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz”, – degan edi.

Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi oʻlaroq 2024-yilning 15-16-oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda.

Ushbu nufuzli anjuman ishida dunyoning Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda soʻnggi 7-yil mobaynida diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.

Bu maʼrifiy muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtayi nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targʻib qilish, nainki musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga oʻz hissasini qoʻshadi.

Konferensiya Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida oʻz ishini boshlaydi. Anjuman oʻz ishini 3 ta shoʻbada davom ettiradi.

Jumladan, ishtirokchilar “ Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy taʼlimotining oʻrni”, “Globallashuv sharoitida islom: moʻtadillik va bagʻrikenglik”, “Zamonaviy jamiyatda gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusidagi shoʻbalar boʻyicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari oʻzaro fikr almashish, dolzarb masalalarni muhokama etish imkoniga ega boʻladi.

Konferensiya 16-oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini taʼminlashda islom taʼlimotining, buyuk ajdodlar merosining oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzgʻunchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qoʻllab-quvvatlashi bilan ham gʻoyat ahamiyatlidir.

About the Author

You may also like these