Telegram kompaniyasi dunyoning turli mamlakatlarida bir necha bor ziddiyatli vaziyatga duch kelgan. Messenjer terrorizmni targʻib qilish, noqonuniy giyohvand moddalar savdosi, dezinformatsiya tarqatish va ekstremizmni qoʻllab-quvvatlashda ayblanmoqda.
Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov hibsga olinganidan soʻng, ilova yana qattiq tanqidlar obyektiga aylandi. Durov 24-avgust kuni Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qoʻlga olindi. U fransuz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan Telegramʼda kiber va moliyaviy jinoyatlar masalalarida hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda ayblandi.
U hibsga olinganidan keyin: “Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yoʻq. Odatda, tez-tez Yevropa boʻylab sayohat qiladi. Ilova suiisteʼmol qilingani uchun platforma yoki uning egasini javobgar deb topish absurd”, deya munosabat bildirdi Telegram jamoasi.
Xabarlar almashish ilovasi shu kabi ayblovlar yoki hukumatning ommaviy axborot vositalari erkinligini cheklashi sababli baʼzi mamlakatlarda taqiqlagan va allaqachon koʻplab mamlakatlarda ziddiyatlarga sabab boʻlgan.
2015-yildan beri Telegram 31 ta mamlakatda vaqtincha yoki butunlay taqiqlangan, bu butun dunyo boʻylab 3 milliarddan ortiq foydalanuvchi demakdir.
Telegram bilan muammoga duch kelgan mamlakatlar haqida quyida maʼlumot beramiz:
Buyuk Britaniya
Avgust oyi boshida Telegram Buyuk Britaniyadagi muhojirlarga qarshi tartibsizliklarni rejalashtirish va muvofiqlashtirish uchun ishlatilgan, deya xabar beradi Britaniya politsiyasi.
Bu Angliya shimolida bolalar oʻldirilganidan keyin sodir boʻldi, shundan soʻng Telegram ekstremist guruhlar tomonidan qochqinlar, musulmonlarga nisbatan nafratni targʻib qilish, hujum joylari va nishonlari haqida maʼlumot almashishda foydalanildi.Britaniya bosh vaziri Key Starmer ijtimoiy tarmoqlardagi tartibsizliklarning tarqalishiga hissa qoʻshayotgan bunday faoliyatga qarshi keskin choralar koʻrilishini bildirdi. Biroq hozirgacha Telegramʼga nisbatan hech qanday chora koʻrilmadi. Biroq Starmer 2021-yilda barchani kompaniyaga qarshi “qattiq va samarali sanksiyalar” qoʻllashga chaqirdi.
Ispaniya
Mart oyida Ispaniya aholisi qisqa muddatga Telegramʼdan foydalanish imkonidan mahrum boʻldi: mamlakatning toʻrt asosiy media-nashrlari – Mediaset, Atresmedia, Movistar va Egeda ular tomonidan yaratilgan, mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontent ruxsatsiz Telegram orqali tarqatilayotganidan shikoyat qilganidan soʻng, sud ilovani taqiqladi.
2023-yil iyulida sud ishni koʻrib chiqish uchun Telegramʼdan qoʻshimcha maʼlumot yuborishni soʻradi. Messenjer vakillari javob bermaganidan soʻng esa ilovani bloklash buyurildi. Biroq nomutanosiblik va millionlab foydalanuvchilarga zarar yetkazishi mumkin, kabi tanqidlardan keyin qaror bekor qilindi.
Norvegiya
Mamlakat ushbu ilovani milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin deb hisoblaydi. Shu sababdan 2023-yil mart oyida amaldorlar va siyosiy maslahatchilarga ish qurilmalaridan Telegram va TikTokʼdan foydalanishga taqiq qoʻyildi.
Focus 2023 tahdidlarini ochiq baholashda razvedka xizmati Norvegiya xavfsizligi manfaatlariga asosiy tahdid sifatida Rossiya va Xitoyni koʻrsatmoqda.
“Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar dezinformatsiya va soxta yangiliklar orqali bizga taʼsir oʻtkazmoqchi boʻlganlar uchun qulay maydon ekanini taʼkidlamoqda”, dedi adliya vaziri Emilie Enger Mehl.
Germaniya
2022-yilda Germaniya hukumati 64 ta kanal nafratga qarshi qonunlarni buzishi mumkinligini aniqlagandan soʻng Telegramʼni taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqdi. Xususan, antisemit kanallar haqida soʻz bordi.
Germaniya Telegram operatorlariga mamlakat qonunchiligiga rioya qilmagani uchun 5 million yevro miqdorida jarima soldi. Messenjer Germaniya hukumati bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan va ushbu videolar bilan bir qatorda noqonuniy kontentga ega boʻlgan barcha materiallarni oʻchirib tashlagan.
Ukraina
Telegram 2022-yil boshida Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli hujumi boshlanganidan beri asosiy aloqa ilovasiga aylandi: prezident Vladimir Zelenskiy har kuni kanalida murojaat qoldirdi, messenjerdan frontda aloqa uchun foydalanildi.
Biroq rossiyaliklar ham undan oʻz maqsadlarida, xususan, dezinformatsiya tarqatish va harbiy guruhlarni buzish uchun foydalanmoqda. Bu Ukrainani agar kompaniya maʼlum oʻzgartirishlar kiritmasa, masalan, Ukrainada ofis ochmasa va zararli yoki yolgʻon kontentni olib tashlamasa, Telegramʼni taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqishga majbur qildi.
Rossiya
2018-yilda kompaniya asoschisi va bosh direktori Pavel Durov baʼzi foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarni rasmiy idoralarga topshirish talablarini bajarmagani uchun Rossiya Telegramʼni ikki yilga taqiqlagandi. Ammo taqiq yaroqsiz boʻlib qoldi. Dastur esa aholi uchun yangiliklarning asosiy elchisiga aylandi.
Vaqtinchalik taqiqqa qaramay, rasmiy Telegram kanallari keyinchalik Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi kabi davlat idoralariga kirib keldi.
Belarus
Belarusda Telegram 2020 va 2021-yillardagi hukumatga qarshi namoyishlar haqida maʼlumot almashish uchun asosiy vosita boʻlgan. Ilova hatto prezidentlik saylovlari paytida mamlakat interneti uch kunga yopilgan davrda ham ishlashda davom etgan kam sonli ilovalardan biri edi.
Ovoz berishdan soʻng Belarusda ekstremistik va asosan hukumatga qarshi deb topilgan Telegram kanallari roʻyxati eʼlon qilindi. Xalqaro Amnistiya tashkilotiga koʻra, ularga qoʻshilgan foydalanuvchilar yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Xitoy
Telegram Xitoyda 2015-yildan beri bloklangan. Xitoy rasmiylari ushbu messenjer milliy xavfsizlikka tahdid soladi, goʻyoki unda salbiy kontent tarqaladi, norozilik aksiyalari va hukumat nazorati ostida boʻlmagan jamoat harakatlari tashkil etiladi, deb hisoblaydi.
Baʼzi ekspertlarning fikricha, Xitoy hukumatining oʻzi hukumat va kommunistik partiyani tanqid qilib, blokirovka uchun sabab yaratish uchun “hujumlar” uyushtirgan.
Eron
Telegram Eronda mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilash talabi bilan boshlangan norozilik namoyishlari ortidan 2018-yildan soʻng bloklangan. Hukumat Telegramʼni namoyishlarga yordam berganlikda ayblab, Eronda ishlab chiqarilgan mahalliy ilovalarni qoʻllab-quvvatlash kerakligini aytgan.
Taqiqdan avval Eronning 80 millionlik aholisining yarmi Telegramʼdan foydalanishi xabar qilingan. Koʻpchilik hali ham VPN orqali ilovadan foydalanishda davom etmoqda.
Hindiston
Durov hibsga olinganidan bir kun oʻtib Hindiston hukumati Telegramʼning bir necha jinoiy faoliyatdagi oʻrni boʻyicha tergov olib borilayotganini maʼlum qildi. Taqiqlash toʻgʻrisidagi qaror tergov tugaguniga qadar qabul qilinishi mumkin.
Aytilishicha, messenjer orqali bolalar pornografiyasi va universitet kirish imtihoni varaqlari tarqatilgan, aksiyalar narxi manipulyatsiya qilingan va tovlamachiliklar amalga oshirilgan.
Iyul oyida hukumat Telegram kanalidagi administrator poʻlat list ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari narxini sunʼiy oʻzgartirgani uchun 20 000 yevrodan koʻproq mablagʻ olganini fosh qiluvchi sxemalardan birini aniqladi.
“Telegramʼdagi eng keng tarqalgan firibgarlik turlaridan biri bu investitsion firibgarliklar boʻlib, unda foydalanuvchi guruhga taklif etiladi va rasmiy birja savdo ilovasini aks ettiruvchi aslida soxta dastur orqali aksiyalarga investitsiya qilish soʻraladi”, dedi Dehli politsiyasining kiberjinoyatchilik boʻlimi.
Tailand
Telegram Tailandda 2020-yildan beri hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida qoʻllangani uchun taqiqlangan. Ilova orqali 2014-yilda davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatni qoʻlga kiritgan sobiq bosh vazir Prayut Chan-o-chaning isteʼfosi talab qilingan materiallar tarqatilgan.