Appleʼning sunʼiy intellekt funksiyalari qachon pullik boʻlishi maʼlum boʻldi

Apple iPhone, iPad va Macʼdagi baʼzi aqlli Apple Intelligence funksiyalari uchun oyiga 20 dollargacha haq olishni boshlashi mumkin.

Yaqinda boʻlib oʻtgan WWDC koʻrgazmasida kompaniya Apple Intelligence aqlli funksiyalarining birinchi toʻplamini, jumladan, yangilangan Siri, Genmoji, Image Playground va standart Apple ilovalariga integratsiyalangan boshqa koʻplab xususiyatlarni taqdim etgan edi. Ushbu funksiyalar maqtovga sazovor boʻlsa-da, ular, asosan, foydalanuvchilarning qurilmalarida ishlaydi. Apple sunʼiy intellekt poygasida ortda qolayotganini hisobga olib, bunday asosiy variantlar uchun haq olmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

Bloomberg sharhlovchisiga koʻra, Apple yanada ilgʻor Apple Intelligence xususiyatlarini ishlab chiqishda davom etadi va ular kiritilgandan keyingina xizmat uchun toʻlov boshlanadi. Biroq, uning fikricha, bunday funksiyalarni ishlab chiqish uchun kamida uch yil kerak boʻladi.

Shunday qilib, Apple Intelligence foydalanuvchilari yaqin kelajakda qoʻshimcha xarajatlar haqida qaygʻurishlari shart emas, deydi ekspert.

Apple Intelligence bu — Apple tomonidan ishlab chiqilgan sunʼiy intellekt platformasi. U 2024-yil 10-iyun kuni WWDC 2024 koʻrgazmasida Appleʼning iOS 18, iPadOS 18 va macOS Sequoia operatsion tizimlarining bir qismi sifatida eʼlon qilindi. Apple Intelligence qoʻllab-quvvatlanadigan qurilmalarning barcha foydalanuvchilari uchun bepul boʻladi.

About the Author

You may also like these