To’rt ulus tarixi

Amir Temur va Temuriylar davri renessansi rivojiga katta hissa qoʻshgan maʼrifatli hukmdor Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630-yilligi nafaqat Oʻzbekistonda, shu bilan birga, dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan keng nishonlanmoqda. Oʻzbekistonning hamda dunyoning yetakchi ilmiy dargohlarida Mirzo Ulugʻbek ilmiy merosi, astronomiya, matematika, tarix va boshqa fanlar rivojiga katta hissa qoʻshgan asarlari oʻrganilmoqda, qayta-qayta nashr etilmoqda.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida ham 2024-yil Mirzo Ulugʻbekning 630 yilligi munosabati bilan ulugʻ allomaning bebaho ilmiy merosini ilmiy tadqiq etish va targʻib qilishga keng eʼtibor qaratilmoqda. Qoʻlingizdagi kitob esa Mirzo Ulugʻbek isteʼdodining yana bir qirrasi – tarixchilik sohasidagi faoliyatining mahsulidir. Uni mutolaa qilganlar nafaqat yetti ajdodini, balki butun shajarasini bilib olishga qiziqishi yanada oshadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.