15-iyul – Butunjahon yoshlar koʻnikmalari kuni
Xalqimizda daraxt ekib, bogʻ yaratish, ulugʻ amal sifatida qadrlanadi. Daraxt, bu – kelajakka umid timsoli. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, kelajagiga zamin yaratish esa, jamiyat bogʻini yaratish bilan barobardir. Bu haqda UzA xabar berdi.
Yurtimizda ham yoshlarning avvalo el koriga yarashi, jahon maydonlarida oʻzining munosib ilmi bilan tura olishi uchun imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. Buning uchun ularning zamonaviy koʻnikmalar bilan mehnat bozorida oʻz oʻrniga ega chiqishi davr talabidir. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish, chet tillarini bilish darajasini koʻtarish va tadbirkorlik salohiyatini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu choralar xalqaro darajada tan olinayotgan “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish va inklyuziv rivojlanish kabi tendensiyalarga mos keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2014-yilda yoshlarga munosib ish va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratishda zarur boʻlgan koʻnikmalarni oʻrgatishning dolzarb ahamiyatini eʼtirof etgan holda, 15-iyul sanasini – Butunjahon yoshlar koʻnikmalari kuni sifatida belgiladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi, raqobatbardosh koʻnikmalarga ega boʻlishi va barqaror rivojlanish jarayonlarida faol ishtirokini taʼminlashdan iborat. Dunyo hamjamiyati tomonidan bu sanani nishonlash orqali yoshlar taʼlimi, kasbiy tayyorgarligi va imkoniyatlar tengligini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratiladi.
Shu maʼnoda 15-iyul – Butunjahon yoshlar koʻnikmalari kuni nafaqat global mulohazalarga chorlovchi sana, balki yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni aks ettiruvchi koʻzgudir.