2025-yilda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi

Rasmiy munosabat

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yilda maktablarda oʻquvchilar uchun darsliklar ijarasi boʻyicha tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

«2025-2027-yillarga moʻljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Byudjetnoma loyihasida 2025–2026 oʻquv yilidan 2-11 sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovi undirish tizimini joriy etish boʻyicha takliflar kiritilgan edi.

Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlari va ijtimoiy-iqtisodiy sohaning moliyaviy mutanosibligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Davlatning ijtimoiy majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq bajarishga ustuvor yoʻnalish beriladi. Samaradorlikni oshirish maqsadida turli yoʻnalishlarda tahlillar olib boriladi.

Taʼkidlash joizki, 2024-yilda maktab oʻquvchilari uchun 83,2 million nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan 1,5 trillion soʻm ajratilgan. Bu mablagʻlardan 435,5 milliard soʻm (36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yoʻnaltirilgan.

2025-yilda esa 81 million nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun 1,3 trillion soʻm mablagʻ toʻliq Davlat byudjetidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan xabarlarda Byudjet loyihasida Kitob jamgʻarmasi xarajatlari va daromadlari koʻrsatilmagani taʼkidlangan. Buning sababi Kitob jamgʻarmasi faoliyati toʻxtatilgan va yangi jamgʻarma tashkil qilinmagani uchun loyihada bu boʻyicha maʼlumotlar kiritilmagan.

2025-yil uchun Davlat byudjeti doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini beradi.

Bunda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilmagan».

About the Author

You may also like these