Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisida ishtirok etib, nutq soʻzlamoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Unda Prezident Hukumatning asosiy vazifalariga toʻxtalib, sogʻliqni saqlash, taʼlim va sportni rivojlantirish boʻyicha katta dasturlarni samarali va toʻliq amalga oshirish – hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak boʻlgan asosiy vazifalar ekanini taʼkidladi.
Majlisda taʼlim sifatini yanada oshirish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan siyosat izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Kelgusi yillarda bogʻchalarda qamrovni 80 foizga, oliygohlarda esa kamida 50 foizga yetkazish Hukumat uchun asosiy vazifa boʻlib qoladi.
Xalqaro moliya institutlarining 61 million dollar mablagʻlari hisobidan 2025-yilda 252 ta yangi bogʻcha barpo etiladi. Shuningdek, 174 ta bogʻcha va 379 ta maktab taʼmirlanadi va yangitdan quriladi. Bu maqsadlar uchun byudjetdan 4 trillion soʻm ajratiladi.
Tadbirkorlarga maktab qurish uchun 20 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi.