Osiyo universitetlarining yangilangan reytingi eʼlon qilindi

QS World University Rankings xalqaro reyting tashkiloti Osiyo universitetlarining 2025-yil uchun (QS Asia University Rankings — 2025) reyting natijalarini eʼlon qildi.

Unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalaridan Oʻzbekiston Milliy universiteti yuqori natija koʻrsatib, mintaqadagi yetakchi taʼlim dargohlaridan biriga aylandi.

2025-yil uchun Osiyo universitetlari reytingi natijalariga koʻra, OʻzMU Osiyo mintaqasida 242-oʻrinni (oʻtgan yili #301-350), Markaziy Osiyo oliy taʼlim muassasalari orasida esa 12-oʻrinni egalladi.

Xorijiy professor-oʻqituvchilar soni boʻyicha Oʻzbekiston Milliy universiteti 49-oʻrinni egallab, reytingning eng yaxshi 50 taligiga kirgan yurtimizdagi yagona universitet boʻldi.

Maʼlumot oʻrnida, Osiyoning 984 ta ilgʻor universitetlari eʼtirof etilgan ushbu reytingda Oʻzbekistondagi 23 ta oliy taʼlim muassasasi qayd etilib, taʼlim tizimimizda islohotlar samarali kechayotganini koʻrsatmoqda.

Yangi reyting natijalariga koʻra, Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasini sezilarli darajada yaxshilagan Osiyo davlatlaridan biriga aylandi. Bu esa Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasini koʻrsatib, mamlakatning xalqaro miqyosdagi mavqeyini yuksaltirmoqda.

Milliy universitetning dunyo universitetlari reytingidagi oʻsishi Oʻzbekiston taʼlim tizimi xalqaro talab va standartlarga moslashib, raqobatbardoshligi oshayotganidan dalolat, deyish mumkin.

About the Author

You may also like these