Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Fransiyada boʻlib oʻtgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammitida ishtirok etdi. Mazkur sammit doirasida vazir va Kokoro Lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet oʻrtasida suhbat tashkil etildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistondagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 5-6 yoshli bolalar uchun innovatsion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini oʻrgatish masalalarini muhokama qildi.
Muhokamalar yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida bepul tarzda fransuz tilini oʻqitish boʻyicha kelishuv imzolandi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, Kokoro lingua bolalar uchun til oʻrgatish boʻyicha innovatsion xalqaro kompaniya hisoblanadi.
Uchrashuvlar davomida vazir Hilola Umarova “France Education International” tashkiloti Bosh direktori Olive Brandui bilan ham uchrashdi.
Unda fransuz tomoni bilan Oʻzbekistondagi fransuz tili oʻqituvchilari malakasini oshirish va trener-oʻqituvchilarni tayyorlash, oʻqituvchilar almashuv dasturi hamda Oʻzbekistonda fransuz tili testlarini (DELF junior, DALF) joriy qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“France Education International” 1945-yilda tashkil topgan boʻlib, tashkilotning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri til boʻyicha sertifikatlash va testlar tuzishdan iborat.