Yurt taqdiri yoʻlida doim bedor ijodkor

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Oʻrozboy Abdurahmonov tavalludining 75 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Adabiy anjumanda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari bosh muharriri, taniqli jurnalist, ustoz ijodkor Oʻtkir Rahmatov, atoqli ijodkor Nurali Qobul, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Neʼmatullo Xudoybergenov va boshqalar Oʻrozboy Abdurahmonovning ijod yoʻli, ibratli faoliyati xususida batafsil soʻzladi.Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻrozboy Abdurahmonov 1949-yil 27-avgustda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanida tavallud topgan. Xoʻjayli shahridagi 1-sonli maktabda taʼlim olib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini (1973) tamomlagan. Ijodkor “Jetkinshek” gazetasi, “Amudaryo” jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, masʼul kotib boʻlib ishlab yurgan kezlari adib qalamining charxlanishida muhim bir davr boʻldi.

U Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida direktor, Qoraqalpogʻiston Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining oʻrinbosari, “Oʻzbektelefilm”ning Qoraqalpogʻiston boʻlimi direktori hamda Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

Adibning hayot yoʻli taqdiri, adolat qismati va ijodkorlik dunyosi bilan bogʻlangan. U bir tomondan hajviyotning rivojiga katta hissa qoʻshgan boʻlsa, boshqa tomondan qoraqalpoq adabiyotiga esse janrini olib kirdi. Gʻarb adabiyotida mashhur boʻlgan esse janrini sharqona mazmun bilan boyitdi. “Orolim – dardim mening” (1985) essesi YUNESKO medali sovrindori boʻldi.

1987-yili chop etilgan “Changalzor paygʻambari halokati” essesi esa “ekstrasens” niqobi ostidagi diniy ekstremistlar toʻdasining kirdikorlarini fosh etib, jahonning yetakchi tillarida chop etildi.

Adibning birinchi kitobi “Bir muhabbat tarixi” nomi bilan “Qoraqalpogʻiston” nashriyotida 1977-yilda chop etilgan. 2009-yilda “Tanlangan asarlar” kitobi nashr qilinib, asarlari oʻzbek, rus, ozarbayjon va tatar tillariga oʻgirilgan.

Mustaqillik yillari “Oʻzbekiston” telekanalida namoyish etilgan “Temir tulpor parvozi”, “Mizdakxon”, “Xorazmning oltin xalqasi”, “Ayoz qalʼa”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Moziyxona”, “Qoʻngʻirot soda zavodi” singari hujjatli filmlar ham adib yozgan ssenariylar asosida tasvirga olingan.

Istiqlol yillarida Oʻrozboy Abdurahmonovning koʻp qirrali ijodi munosib taqdirlandi. Unga 1999-yili “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, 2000-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, 2004-yili “Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari berildi. 2018-yilda esa “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoniga sazovor boʻldi.

Adabiy anjumanda Oʻrozboy Abdurahmonov ijodining oʻziga xosligi xususida batafsil soʻz yuritildi.

About the Author

You may also like these