OTM, kollej, texnikum talabalarining oʻzlashtirish koʻrsatkichi kamida 80 foiz boʻlsa, ularga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti beriladi. Kambagʻal oila farzandlariga qoʻshimcha grantlar ajratiladi. Bu boradagi vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.
Oʻzbekistondagi har bir kambagʻal oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy maʼlumotli boʻlishi uchun sharoit yaratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra:
- oliygoh, kollej va texnikum talabalarining oʻzlashtirish koʻrsatkichi kamida 80 foiz boʻlsa, ularga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti beriladi;
- oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballning 80 foizini toʻplagan kambagʻal oila farzandlariga qoʻshimcha grant ajratiladi.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil boʻlgan oliygohlarni har biri yiliga kamida 1 milliard soʻmlik grant eʼlon qiladi.
Bu grantlar hisobidan, fanlarni oʻzlashtirishidan kelib chiqib, kambagʻal oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab beriladi.
Kambagʻal oilalar farzandlarini bogʻcha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli taʼlim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama koʻmak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.