Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari bugundan boshlandi

Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari boshlandi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga asosan 1-avgustdan boshlab talabalar arizalarini my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin boʻladi.

Reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan soʻng, umumiy roʻyxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan oʻrinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi.

Maʼlum qilinishicha, 1-kurs talabalari uchun yotoqxonaning 55 — 65 foizi, 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi, 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizi ajratiladi.

Arizalar qabuli 1-avgustdan boshlab oʻquv yili yakuniga qadar davom etadi.

Maʼlumot uchun, 2024/2025-oʻquv yilida OTM 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan soʻng ariza yuborishlari mumkin boʻladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.

About the Author

You may also like these