Formulalar ortidagi taqdir

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi binosida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, taniqli adib Isajon Sultonning “Muhandis” nomli ma’rifiy romanining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur adabiy-ma’rifiy tadbirda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar, professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos olimlar hamda soha mutasaddilari ishtirok etdilar. Taqdimot yoshlar orasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish, badiiy adabiyot orqali kasbiy va ma’naviy qarashlarni boyitishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbir davomida adabiyotning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, zamonaviy badiiy tafakkur, shuningdek, ilm-fan va texnika taraqqiyotining badiiy asarlarda aks etishi masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilar romanning mazmun-mohiyati, g‘oyaviy yo‘nalishi va tarbiyaviy ahamiyati haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Isajon Sultonning “Muhandis” romani mamlakatimizda muhandislik sohasining qariyb yuz yillik rivojlanish tarixini badiiy talqin orqali yoritib beradi. Asarda oddiy xalq orasidan yetishib chiqqan, zamonaviy bilimlarga chanqoq, tirishqoqligi va yuksak zakovati tufayli yetuk olim va ustoz darajasiga ko‘tarilgan yurtdoshimiz hayoti markaziy qahramon sifatida tasvirlanadi. Roman orqali muhandislik sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ilmiy izlanishlar olib borish, milliy muhandislar qatlamining shakllanish jarayonida yuzaga kelgan murakkab jarayonlar va ziddiyatlar badiiy jihatdan chuqur ochib beriladi.

Taqdimot yakunida tadbir ishtirokchilari ushbu asar yoshlarni ilm-fan, muhandislik va bunyodkorlik g‘oyalariga ruhlantirishi, ularning kasbiy tanloviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidladilar. “Muhandis” romani bugungi yosh avlodni yurt taraqqiyotiga befarq bo‘lmaslik, ilm va mehnat orqali jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shishga da’vat etuvchi muhim ma’rifiy asar sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, taqdimot davomida mazkur roman nashr etilgan «Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi» faoliyati haqida ham qisqacha ma’lumot berildi. Nashriyot rahbari tomonidan milliy adabiyotimizni rivojlantirish, zamonaviy va ma’rifiy ruhdagi asarlarni keng kitobxonlar ommasiga yetkazish, ayniqsa yoshlar orasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan izchil ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Nashriyot so‘nggi yillarda ilm-fan, adabiyot va ma’naviyat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan asarlarni chop etishga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekiston adabiy jarayonida munosib o‘rin egallab kelmoqda.

About the Author

You may also like these