
Yurtimizda ayollarning davlatimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi tahsinga sazovor. Har sohada ularning faolligi, tashabbuskorligi, yaratuvchanligiga guvoh bo‘lamiz. Birgina sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qilayotgan ko‘plab ayollar bunga yaqqol misoldir.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Maqsudova Zulfiya Ro‘zmetovna ana shunday ayollardan biri sanaladi. Bu inson uchun o‘tgan yil juda omadli keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki u ko‘pgina yutuqlari qatori eng so‘nggi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ko‘p tarmoqli Doktor Maqsudova klinikasiga asos soldi va uning faoliyatini yo‘l qo‘ydi.
Biz yaqinda bemorlar sog‘ligini tiklashdek savobli va mashaqqatli vazifani astoyidil ado etib kelayotgan tibbiyot sohasining haqiqiy fidoyisi Zulfiya Maqsudovaga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik.
– Zulfiya opa, keling, dastlab mazkur klinikaning qurilishi tarixi haqida gaplashsak. Bino dunyo klinikalaridan sira qolishmaydigan innovatsiyalar asosida bunyod bo‘lgani haqida eshitdim…
– Bilasizmi, har bir ishga qo‘l urishdan oldin ko‘p izlanaman. Ushbu klinikani ochishdan oldin shogirdlarim va hamkasblarim bilan kerakli yo‘nalishlarni belgilab olish uchun ko‘p suhbatlashdik. Tibbiyot sohasida qanday yo‘nalishlarni rivojlantirishimiz kerak, qanday yangiliklar yaratmoqchimiz, qanday muolajalar chet elda qilinadi, lekin bizda hanuzgacha yo‘qligi kabi masalalarni muhokama qildik. Klinikani bunyod qilishda ham eng so‘nggi texnologiyalardan foydalandik.
Ko‘p klinikalar avval mavjud bo‘lgan binolarni qayta tiklash hisobiga ochiladi. Biroq biz bu klinika binosi asosini noldan boshlaganmiz. Arxitektorlar bilan birga loyihalar tuzdik. Har bir santimetr va metrni inobatga olib, bemorlar va ishlayotgan mutaxassislarga har tomonlama qulaylik yaratishga harakat qildik. Masalan, Yevropa klinikalariga kirsangiz, u yerda bir xil harorat saqlanib turadi. Bizda esa aksincha: shifokorning issiq xonasidan yo‘lakka chiqsangiz, sovuq harorat yuzga uradi. Natijada turli shamollash holatlari kuzatiladi.
Yurtimizda binoni isitish va sovutishda eng katta muammo issiqlik izolyatsiyasidan kelib chiqadi. Bitta yoki ikkita g‘isht terganingiz bilan xona isib qolmaydi. Shu sababli butun binoda bir xil harorat bo‘lishi uchun uni issiqlikdan izolyatsiya qilishimiz kerak edi. Biz binoni sovuq va shovqindan samarali himoya qiladigan Germaniyadan keltirilgan ISOVER qurilish materiallari bilan o‘rab chiqdik. Maqsadimiz bino ichini bir xil haroratda saqlash edi. Nihoyat, maqsadimizga erishdik. Klinikamizga kirsangiz, qishda ham, yozda ham bir xil 22-23 haroratda hukm suradi. Hatto oynalar ham ichkaridan energiya tejamkor va tashqaridan quyoshdan saqlaydigan xususiyatga ega.
— Bugungi kunda ko‘p klinikalar ma’lum bir a’zoga ixtisoslashgan: “Oftalmologiya”, “Gasterontologiya”, “Parizontologiya”, “Endokrinologiya”, “Sog‘lom umurtqa pog‘onasi” shular jumlasidan. Sizning asosiy yo‘nalishingiz ko‘z sohasi bo‘lsa-da, klinikangizda boshqa kasalliklarni davolash ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Organizmdagi a’zolarga alohida-alohida qarash noto‘g‘ri. Bu uzoq yillik tajribamdan kelib chiqqan. 40 yil ko‘p tarmoqli tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida ko‘z jarohatlari bo‘limida ishladim. Afsuski, bizda ko‘pincha oftalmologlar ko‘zning o‘ziga e’tibor berib, boshqa a’zolarni nazardan chetda qoldiradi. Yoki bemorni kardiolog, nevropatolog va laboratoriyalarga yuborishadi. Bu esa shifokorlar o‘rtasida o‘zaro “maslahat” yo‘qolib borishiga sabab bo‘lmoqda. Har bir shifokor o‘z taxminicha davolash chorasini yozadi. Ikkinchisi ham xuddi shunday yo‘l tutadi. Ba’zan bemor bir eshikdan ikkinchi eshikka boradi-da, uchinchi eshikka yetib bormaydi. Ba’zida esa shifokor qo‘ygan tashxis oxirigacha aniqlanmay qoladi. Bu esa bemordagi kasallik davosini kechiktiradi. Natijada bemorning kasallik asoratidan yana qayta murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bunday bemorlar kompleks ravishda davolanilsa, natijasi samarali bo‘ladi.
— Klinikangizdagi bioboshqaruv apparati haqida gapirib bersangiz. Uning ruhiyatni davolovchi xususiyati bor ekan…
– Juda ko‘p kasalliklar miyamizda ro‘y berayotgan jarayonlar natijasida kelib chiqadi. Bemorning ruhiyatini ko‘tarsangiz, tez va samarali tuzaladi. Kompyuterli bioboshqaruv orqali bemorning hatto nafas olishini ham to‘g‘rilash mumkin. Nafas olish to‘g‘rilangandan so‘ng u asta-sekin bo‘shashadi. Bemorning qay tarzda bo‘shashi elektrokardiogramma, pulsogramma orqali kompyuter bilan tekshirib turiladi. Bemor to‘liq bo‘shashgach, muolaja boshlanadi. Keyin bemorga mayin musiqa qo‘yilgan quloqchinlar taqiladi. Bu usul miyani stress va qo‘rquvlardan tozalaydi. Natijada bemor tezda sog‘ayadi.
Misol tariqasida sizga bir voqeani aytib bersam. Qabulimizga 20 yasharlik bemor kechki enurez holatidan shikoyat qilib keldi. U 15 yil davomida nevropatolog huzurida davolangan va hech qanday davo topmagan. Ishonasizmi, kompyuter bioboshqaruvi yordamida bemor butkul tuzaldi. Negaki enurez holati ham ruhiyatga bog‘liq kasallik sanaladi.
— Eshikdan kirganimda, somnologiya bo‘limiga ko‘zim tushdi. Bu soha haqida avval eshitmaganman. U qanday kasalliklarni davolaydi?
– Somnologiya sohasiga oddiy ta’rif beradigan bo‘lsam, u uyqusizlikni davolaydi. Uyquda ro‘y berayotgan turli holatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Klinikamizga somnologiya sohasiga tegishli bo‘lgan apparatlarni AQShdan keltirganmiz. Mutaxassisimiz ham ushbu yo‘nalish bo‘yicha chet elda tahsil olib kelgan.
Moskvada Somnologiya Assotsiatsiyasi bor. Ular bilan yaqindan tanishib, suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim. Ular bizga qo‘lidan kelgan yordamlarini berishmoqda. Hurmatli Prezidentimiz klinikamizga tashrif buyurganida, Respublika Somnologiya markazini tashkil qilish kerakligini alohida ta’kidladi.
— Har bir kasallik o‘zini og‘riq bilan namoyon qiladi. Ayniqsa, umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq og‘riq kuchli kechadi. Bilishimcha, klinikangizda ushbu kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlar sog‘lig‘ini maxsus apparat yordamida qisqa muddatda tiklash imkoni bor ekan?
– Uch shoxli nerv shamollaganda, bemorlarda uzoq muddat surunkali og‘riq kuzatiladi. Bu og‘riqni Cosmandegan radiochastotali generator yordamida bartaraf qilish mumkin. Bu haqida neyrojarrohlardan eshitgandim. Keyin shu apparatni ishlab chiqaradigan kompaniyalarga murojaat qildim. Ular bilan kelishuv asosida radiochastotali generatorni birinchi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Mutaxassisimiz ushbu soha bo‘yicha Moskvada tahsil olib keldi. Og‘riyotgan nerv radiochastotali generator yordamida kuydiriladi. Ikki soatdan keyin og‘riq bosilib, bemor bemalol yurishi mumkin.
Umurtqa pog‘onasi, aslida, organizmdagi tayanch a’zo sanaladi. Chunki 12 ta umurtqa pog‘onasidan chiqadigan nerv ichki a’zolarni qamrab oladi. Umurtqadagi o‘zgarish butun ichki a’zolarga ham, albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Hozirda deyarli ko‘pchilikda osteoxondroz kasalligi kuzatiladi. Negaki turmush tarzimiz kamharakatlilikdan iborat. Ko‘p o‘tirish oqibatida umurtqa pog‘onasi yonida joylashgan kalta mushaklar ishlamay qoladi. Ular umurtqa disklariga qonni haydab berish vazifasini bajaradi. U yaxshi ishlamasa, qon yaxshi aylanmaydi. Natijada disk churrasi, osteoxondroz xastaliklari rivojlanadi.
10 sm.gacha bo‘lgan churrani professor Bubnovskiyning kineziterapiya usulida davolash mumkin. Bundan 17 yil avval yangilikka bo‘lgan qiziqishim tufayli o‘sha mashhur inson yaratgan usulni O‘zbekistonga olib keldim. Negaki o‘zim ham u qo‘llagan usullardan shifo topganman. Kinezi — bu harakat, terapiya esa davolashdir. Aynan bu kasallikni harakat yordamida davolash katta yordam beradi. 12 ta muolajadan keyin bemorni oyoqqa qo‘yishning iloji bor. Muhimi, hech qanday dori qo‘llanilmaydi.
Bubnovskiy avtohalokatga uchrab, o‘zini o‘zi davolaganidan so‘ng bu usulni yaratgan. Hozirgi kunda uning davolash usuli yordamida qancha-qancha bemorlar sog‘ayib ketmoqda.
— Siz ham tibbiyot sohasiga qandaydir yangilik kiritganmisiz?
– Albatta, bundan 10-15 yil oldin ko‘z ostiga kateter (naycha) qo‘yishni birinchi marta qo‘llaganman. Natijasi samarali kechgani uchun bu usulni hanuzgacha bemorlarimda qo‘llab kelaman. Boshqacha qilib aytganda, bu ko‘z reanimatsiyasi hisoblanadi. Bunday paytda bemorga kateter qo‘yib, o‘ziga kelguncha muntazam dori yuboriladi. Muolaja ertalab soat taxminan 8 dan boshlanib, kechgacha har ikki soatda 0,5 kubikdan 6 marta dori yuborish bilan davom etadi. Muolaja muddati 10 kun. Bemor har olti oyda ko‘rish qobiliyatini saqlash uchun bu muolajadan o‘tishi zarur. Agar ko‘zning o‘ziga katetersiz hadeb ukol qilinsa, ko‘zdagi mayda tomirlar yorilib, gematoma holati yuzaga kelishi mumkin.
— Bugungi kunda shifokorlar tayyorlaydigan o‘quv muassasalarida talabalarning amaliyot o‘tashi uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarga katta ehtiyoj bor. Klinikangizga eng so‘nggi rusumli texnologiyalar keltirilgan. Ayting-chi, bu borada bo‘lg‘usi shifokorlarni tayyorlashda klinikangiz tomonidan qanday yordam ko‘rsatilmoqda?
– Bunday yordamni bir necha yildan beri amalga oshirib kelmoqdamiz. Toshkent tibbiyot Akademiyasi va Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti bilan shartnoma tuzganmiz. Bu oliygohlarda tahsil oladigan magistrlarni har oy bepul o‘qitib, texnologiyalarimizdan foydalanish imkonini beramiz.
– Kelajakdagi rejalaringiz haqida o‘rtoqlashsangiz.
– Kelajakdagi orzularim juda ham ko‘p. Eng asosiylaridan biri klinikada o‘quv markazi tashkil qilish. Yevropa va Amerikada mutaxassislarni, asosan, simulyator apparat bo‘yicha amaliyotga tayyorlashadi. Shu sababli biz Germaniyadan shifokorlar malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadigan simulitsion apparatni olib kelishni rejalashtiryapmiz. Bu orqali kuchli jarrohlarni tez va qisqa muddat ichida tayyorlashga erishamiz.
Hozirgi kunda simulyatsion apparat jahon standartlari bo‘yicha jarrohlarni tayyorlashda eng so‘nggi va mukammal texnika sanaladi. Jarrohning har bir harakatini “aqlli kompyuter” baholaydi va tekshiradi. Jumladan, bitta mutaxassis tayyorlash uchun yillar kerak. Bu uskuna katarakta (ko‘z gavharini almashtirish) bo‘yicha ham eng noyob vitro-retinal jarrohlik (to‘r parda va shishasimon tana jarrohi) yo‘nalishida mutaxassis yetishtirib beradi. Bu qurilma nafaqat MDH mamlakatlari, hatto Rossiyada ham yo‘q.
– Foydali va qiziqarli suhbat uchun tashakkur. Ish faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Sevara Abdullayeva suhbatlashdi.