Ishonchim komilki, muvaffaqiyatli tadbirkorlarni muvaffaqiyatsizlaridan faqat qatiyatlilik ajratib turadi.”

                                                                                     Stiv Jobs                                                                                                                  

Amerikalik mashhur muhandis, olim, tadbirkor Stiv Djobsni shaxsiy kompyuterlar yaralishiga turtki bolgan inson sifatida  yaxshi bilamiz. Shuningdek, u hozirgi paytda mobil qurilmalar ichida yetakchilik qilayotgan yirik «Apple» kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. Qolaversa, Stiv dunyoning eng badavlat insonlar qatoridan joy egallagan shaxs sifatida ham tan olinadi.

Stiven Djobs 1955-yilning 24-fevralida AQShning Kaliforniya shtatida dunyoga kelgan. Otasi suriyalik Abdulfatta Jandali Viskonsin universiteti o‘qituvchisi yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. Onasi Joana Shible esa o‘sha oliygoh talabasi bo‘lgan. Biroq qizning ota-onasi ularning munosabatiga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Shu bois ikki sevishgan rasmiy ravishda nikohdan o‘tishmaydi. Joana farzandini yolg‘iz o‘zi katta qilishdan cho‘chib, uni asrab oladigan oila qidiradi. Natijada tirnoqqa zor oila – Pol Jobs va uning rafiqasi Klaraga bolasini topshiradi. Ular Joananing taklifini xursandchilik bilan qabul qilishdi. Faqat ona ularga bitta shart qo‘yadi: “Bola, albatta, oliy m’lumot olishi zarur!”

Ko‘p o‘tmay Stiv yangi oilasi bilan Amerikaning Mauntin-Vyu shaharchasiga ko‘chib keladi. O‘sha yillar aynan bu shahar yuqori texnologiyalar markazi sanalgan. Bu esa yosh Stivning ilm-fan sohasiga qiziqishiga katta turtki bo‘ladi. Aslida, Pol o‘g‘lini mexanika sohasini egallashini xohlagan. Stivni esa elektronlar ko‘proq qiziqtirardi.

Bu mashhur insonning o‘quvchilik damlari juda qiziq kechgan. O‘ziga yarasha fe’l-atvorga ega boshlang‘ich sinf o‘quvchisi Stiv bilan aksariyat o‘qituvchilar murosaga kelisholmagan. Bolakay hattoki ko‘p dars qoldirib, yomon bahoga o‘qiydigan o‘quvchilar safidan ham joy olgan. Negadir unga ta’lim tizimi zerikarli va rasmiy tuyulgan. Faqat o‘qituvchilardan biri u bilan til topishganidan so‘ng 2-sinf yuqoriga sakrab o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan keyingina u darslarga to‘liq qatnay boshlaydi.

O‘rta sinfda o‘qib yurgan chog‘larida Stiv radioelektronika to‘garagiga a’zo bo‘ladi. Uddaburon bolakay mustaqil ravishda elektron chastota o‘lchagichini o‘rnatishga erishadi. Uning bunday topqirligi mashhur Hewlett-Packard kompaniyasini qiziqtirib qo‘yadi. Natijada uni kompaniyaga konveyr sifatida ishga olishadi.

Do‘stlik va hamkorlik natijasi

Jobs 16 yoshida bir tadbirda o‘zidan besh yosh katta Stiven Voznyak bilan tanishib qoladi. Ularning ikkalasi ham kompyuter va elektronika sohasiga qiziqqani bois do‘stlashib qolishadi. Xullas, ikki do‘st barcha bilim va kuchlarini birlashtirib, zamonaviy kompyuterlar ixtiro qilish bo‘yicha rejalar tuza boshlaydi.

Ular birinchi marta Blue box deb nomlanadigan qurilma yaratishadi. Ushbu moslama ovoz signal rejimini tanlab olish bilan bir qatorda telefon tarmog‘ini ishdan chiqarishga mo‘ljallangan. Bolalar dastlab u bilan shunchaki vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun shug‘ullanishadi. Keyinchalik bu qurilmani sotib, yaxshigina daromad orttirishadi.

«Apple» kompaniyasi yaralishi

Stiv Djobs o‘qishni tamomlagach, kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaradigan Atapi kompaniyasiga oddiy texnik bo‘lib ishga kiradi. Voznyak esa shaxsiy kompyuterlarni platadan yaratish va uni takomillashtirish bo‘yicha katta loyihani boshlab yuboradi. G‘oya amalda o‘z ifodasini ko‘rsata boshlagach, Jobs do‘stini hamkorlikka chaqiradi. Ular birgalikda kompyuter ishlab chiqaradigan firma ochishadi. Dastlabki kompyuterlar juda oddiy ko‘rinishga ega bo‘lib, elektron bosma mashinaga o‘xshab ketardi. Nihoyat, ko‘p yillik izlanishlar natijasida 1976-yili Voznyak o‘ylab topgan platadan tayyorlangan kompyuterlar ranglar va tovushlar bilan boyitildi. Stiv Jobs qurilmani rivojlantirish borasida katta ishlar qiladi. Shunday qilib, afsonaga aylangan Apple dunyoga keladi. Keyinchalik uning g‘oyasi bilan yangi Apple II chiroyli plastik korpus va ixcham ko‘rinishda taqdim etildi. So‘ng esa qadamba-qadam Apple III, Apple Lisa va Macintosh dunyoga keldi. Firma tijorat sohasida jadal rivojlanishni boshlaydi. Biroq rahbarlar o‘rtasidagi o‘zaro muzokaralar sabab Stiv 1984-yili bu firmani tark etishga majbur bo‘ladi.

NEXT kompaniyasi va Pixar studiyasi davri

Tashkilotchi tadbirkor Apple kompaniyasidan ketgach, darhol NeXT Computer kompaniyasiga asos soladi. Ushbu kompaniya kompyuterlari o‘z vaqtidan ancha ilgarilab ketgan mutlaqo yangi ilg‘or texnologiyalarni bozorga taklif qiladi. Qolaversa, Stivni oxirgi paytlar kompyuter grafikalari ham ancha qiziqtirib qo‘ygandi. Shu sababli u ishbilarmon Jorj Lukasdan Pixar studiyasini sotib oladi. Dastlab u animatsiya sohasida filmlar yaratib, undan reklama tarzida foydalanadi. U, aslida, NeXT  kompyuterlari imkoniyatlarini ko‘rsatishni ko‘zlagandi. Biroq 1987-yili “Tin Toy» deb nomlangan multfilm Oskar mukofotini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng Jobs o‘z fikrini o‘zgartiradi. Keyinchalik bu studiyada dong‘i ketgan «O‘yinchoqlar tarixi», «Nemoni izlab», «Superoila», «Tachki», «Ratatuy» va hokazo multfilmlar yaratildi. 2006-yili esa Stiv Pixar studiyasini Disney kompaniyasiga sotadi. O‘zi esa aksiyador sifatida uning safida qoladi.

                              Apple ga qaytish

1996-yilda Stiv Djobs NeXT kompaniyasini ham sotib yuboradi. O‘zi  esa yana sevimli Apple kompaniyasiga rais maslahatchisi sifatida qaytadi.  Kompaniyada ish boshlaganda, u iMac monoblok — barcha elementlar birgina monitoring korpusida mujassam bo‘lgan kompyuterlarni seriyali ravishda chiqarishga kirishadi. Faqat korpusdan tashqarida alohida klaviatura va sichqoncha o‘rnatilgan. iMac monoblogi antiqa dizayni bilan ham xaridorlar e’tiborini torta boshlaydi. Qurilma Apple tarixida eng ko‘p sotilgan kompyuterlar qatoridan joy olgan. Shunday qilib, Stiv Jobs kompaniya uchun yangi iste’mol bozorini topishga muvaffaq bo‘ldi.

Uning ikkinchi muvaffaqiyatli qadami — Apple Store tashkilotining ishga tushirilishi edi. Ushbu do‘konda maxsus Apple kompaniyasi jihozlarini sotish yo‘lga qo‘yildi.

Stiv Jobsning o‘ziga xos fazilati shunda ediki, u hyech qachon qilinadigan ishlarni vaqt hukmiga tashlab qo‘ymas, harakat va izlanishdan to‘xtamasdi. Aksincha, u o‘zining yangi vaqt qonunlarini yaratdi va IT sanoati sohasida moda qonunlarini ishlab chiqdi. Yangi asrning shiddat bilan rivojlanishiga hamohang tarzda yangi imkoniyatlarga ega hamda jihozlangan qurilmalar ishlab chiqara boshladi. iTunes mediapleer, iPod musiqali pleer, iPhone sensor ekranli mobil telefon, iPad internet-plansheti shular jumlasidan.

So‘nggi marta Stiv Jobs 2011-yilning 6-iyun kuni omma oldida nutq so‘zladi. Bundan bir necha yil avval unga oshqozonosti bezi saratoni tashxisi qo‘yilgandi. U kasallik bilan turli xil yo‘llar bilan kurashishga urindi. Ammo kasallik baribir uni yengdi. Stiv Jobs oilasi davrasida 2011-yilning 5-oktyabr sanasida hayotdan ko‘z yumdi.

Afsonaviy shaxs xotirasiga atab…

Bugungi kungacha Stiv Pol Jobs hayoti haqida 10 ta kitob chop etilgan, 6 ta hujjatli film va 3 ta badiiy film suratga olingan. Hatto spektakllar ham sahnalashtirilgan.

Stiv Jobs hayoti davomida turli sohalarda erishgan yutuqlari uchun ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritdi. O‘limidan so‘ng deyarli butun dunyo bo‘ylab uning xotirasiga bag‘ishlab yodgorliklar qo‘yila boshladi.

Uning sharafiga bag‘ishlangan bronzadan yasalgan birinchi haykal 2011-yili Budapeshtda o‘rnatildi. Shuningdek, Odessiyada ham metalldan tayyorlangan, og‘irligi 330 kg.ni tashkil etadigan Stiv Jobs haykali mavjud. Haykalda  Jobsning qo‘li sal kattaroq holda yasalgan bo‘lib, unga «Rahmat, Stiv!» degan yozuv osilgan. Ko‘pchilik olimlarning fikriga ko‘ra, Stiv zamonaviy texnologiyaning birinchi raqamli yaratuvchisi sanaladi.

Jobs o‘z fikr va qarashlari bilan har bir inson afsonaviy sharoit yaratishga qodir, deb ta’kidlagan. Qahramonimiz ko‘zlagan maqsadiga erishish yo‘lida juda ko‘p to‘siq va omadsizliklarga duch kelgan. Biroq o‘ziga xos qat’iyatliligi va faqat olg‘a qadam qo‘ygani uchun zamonimizning chinakamiga afsonaviy shaxsiga aylandi.

Qiziqarli fakt:

Stiv farzandlariga uzoq vaqt kompyuterdan foydalanishni taqiqlagan. iPhone va iPad  bilan “muloqot” qilish vaqtini esa o‘zi belgilab bergan.

Sevara Abdullaeva tayyorladi.