Joriy yilning “Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi” ga qarashli “XXI asr texnologiyalari” jurnali tomonidan 15 avgustdan to 31 avgustga qadar “Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovi oʼtkazilgandi. Tanlovda “ixtirochi” nominatsiyasi boʼyicha Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi Shahzod Erkinov gʼoliblikni qoʼlga kiritdi.
    Bir kuni maktabimizda oʼquvchilar orasida “qoʼl mehnati” orqali tayyorlangan yarmarkalar namoyishi boʼldi. Shunda tengdoshlarim tomonidan shprits yordamida ishlaydigan eskovatorning maketi meni qiziqtirib qoʼydi. Uyga qaytgach, men ham ana shunday narsalarni yasayman, deya ishga kirishdim. Dastlab, turli xil avto ulovlarni yasab, oʼzimcha tajriba, sinov oʼtkazdim. Soʼngra havasim kelgan oʼsha eskovatorga qoʼl urdim. Keyinchalik esa ixtirolarimni “jonlantirish” maqsadida elektronika sohasiga murojaat qildim. Natijada avto ulovlarning barchasini pulьt orqali harakatlantiradigan tarzda ishlov berishga muvaffaq boʼldim.

Qush uyasida koʼrganini qiladi, deb bejiz aytishmas ekan. Oilamizda otam ham bolaliklarida elektronika sohasiga qiziqish bilan qaraganlar. Shu sababli, uyimizning omborxonasida ularning asbob-uskunalari haligacha saqlanadi. Mening kundan-kun ushbu sohani oʼrganishga boʼlgan ishtiyoqimni koʼrgan dadam barcha sharoitlarni menga muhayyo etdilar.
Har kuni yasagan ixtirolarimni mukammal darajada yaratishim uchun fanning turli sohalari boʼyicha maʼlumot olishimga toʼgʼri keldi. Elektronikadan bilimimni mustahkamlagach, mikrokontroller oʼrnatish kabi sohaning boshqa yoʼnalishlarini bilishga harakat qildim. Аsosan internet orqali turli ixtirochilarning ishlanmalarini tomosha qilib, ularni yasashga harakat qilaman.
Karantin davri turli ixtirolarimni yuzaga chiqarish uchun qulay imkoniyat berdi. Аlbatta, har bir ixtirochi uchun vaqt hamda tinchlik oʼta muhim. Paytdan foydalanib, velosiped yoki boshqa shu turdagi vositalarga oʼrnatiladigan tezlik oʼlchaydi (spidometr)gan uskunani yaratdim. U bosib oʼtilgan masofani oʼlchab, sizga tezlikni oshirganingiz haqida ogohlantirish beradi. Oʼylaymanki, bunday uskuna maktab yoshidagi bolalar uchun asqotadi.
Bundan tashqari, kavsharlash ishlarini amalga oshirish uchun avtomat kavsharlagichni yaratdim. Uskunaning tugmachasini bossangiz, 3-5 soniya ichida qizishni boshlaydi va ishga kirishadi. Muhimi, u elektr tokini tejaydi.

Yaqinda “ryukzak matritsa” deya nomlangan videolavhani koʼrdim. Bunday ryukzaklar men tengi yoshlarni juda qiziqtiradi. Svetoidni bir xil oʼlchamlarga kesib, ryukzakning ust qismiga yopishtirib chiqdim. U xuddi sizga ekran sifatida xizmat qiladi. Negaki ryukzakka displey oʼrnatiladi va unga Wi-Fi tizimi orqali ulanib, ekranini bemalol uyali aloqangiz orqali boshqarishingiz mumkin. Xoh oʼyin oʼynashingiz, xoh ranglar jilosidan zavqlanishingiz mumkin.
Mazkur ishlarim koʼpchilikda qiziqish uygʼotgani bois hozirda buyurtmalar ham olmoqdaman. Qolaversa, oʼzimning YouTube sahifamni ochdim. U orqali har bir ishlanmamni yasash jarayonini oʼrgatmoqdaman. Oʼylaymanki, ushbu videolavhalarim menga oʼxshash boshqa yoshlarga ham qandaydir oʼrnak va namuna boʼla oladi.
                                                                            Sevara АBDULLАEVА yozib oldi