Respublikamizning chekka hududlarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan sohalarga qiziquvchi yoshlarga ta’lim berishga mo‘ljallangan “TexnoBus” texnologik mobil ta’lim platformasiga start berildi.
“TexnoBus” ta’lim platformasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosini yaratish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. “TexnoBus” barcha qulayliklarga ega bo‘lib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘i, elektr toki generatori va akkumulyator orqali quvvat olish imkoniga ega «O‘zOtayo‘l» rusumli ta’lim avtobusi bir vaqtning o‘zida 12 nafar o‘quvchini o‘qitish imkoniga ega.
Innovatsion ta’lim platformasida yoshlarga quyidagi sohalar bo‘yicha ta’lim beriladi:
– robototexnika va elektronika;
– 3D prototiplashtirish;
– muqobil energiya manbalari;
– dasturlash;
– VR/AR va boshqa interaktiv yo‘nalishlar.