Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozir nafaqat o‘tmish, balki bir yil avval sodir bo‘lgan yangiliklar orasida ham yer bilan osmoncha farq bor. Hattoki har soniyada juda ko‘p yangi ixtirolar yaratilib, turmush tarzimizga kirib kelmoqda.
Xususan, oxirgi yillarda robototexnika sohasi jadal rivojlanmoqda va bu borada qilinayotgan ishlar tahsinga sazovor. O‘tgan yili (2018 yil 22-26 oktyabr) Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan xalqaro robototexnika musobaqasi buning yaqqol misolidir.
Biroq mamlakatimizda robototexnika fanini o‘rganish hali yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, robototexnikani o‘zlashtirmasdan turib, dunyo taraqqiyotiga qo‘shilib, uning yutuqlariga erishib bo‘lmaydi. Sahifamizning bugungi mehmoni, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida tashkil etilgan “Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi” direktori o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonovga shu sohaga oid ba’zi savollar bilan murojaat qildik.
– Akbarxon, suhbatimiz avvalida o‘zingiz haqida gapirib bersangiz. Negaki sizday yosh mutaxassisning bunday marralarni qanday zabt etgani ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak…

– Turin politexnika universitetida o‘qib yurgan chog‘larimda darsdan tashqari oliygohimiz qoshida tashkil etilgan mexatronika (bu nozik mexanik va elektron komponentlarning sinergetik kombinatsiyasiga asoslangan fan va texnika sohasi) laboratoriyasiga ham a’zo bo‘lgandim. Ushbu laboratoriyada o‘rgangan bilimlarim hayotda katta yutuqlarga erishishimga sababchi bo‘lmoqda. Bo‘sh vaqtlarimni, asosan, shu yerda o‘tkazardim. Turli sohaga oid innovatsion ishlanmalar ustida izlanishlar olib borardim. Xullas, laboratoriya ikkinchi uyimga aylangandi. Intilish va harakatlarimni ko‘rgan ustozlarim keyinchalik laboratoriyaga mutaxassis sifatida ishga taklif qilishdi. Shunday qilib, oliygohning to‘rtinchi bosqichida ta’lim olish bilan birga mexatronika laboratoriyasida menejer sifatida ish boshladim.
2017 yilda O‘zekspomarkazda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada ilk bor qatnashganman va bu talabalik davrimdagi eng katta yutuqlarimdan biri bo‘lgan. Ushbu ko‘rgazmada muqobil energiyadan quvvat oladigan elektromobil, kichik mexmonxona va har xil robototexnikaga oid ishlanmalarni namoyish qilganmiz. Ko‘rgazma yakunida “Eng ko‘p tashrif buyuruvchilar burchagi” e’tirofiga sazovor bo‘lganmiz. Bu esa biz, talabalar uchun juda katta muvaffaqiyat edi. Negaki bu 180 ta davlat ichida eng kuchlilar beshtaligiga kirgandek gap edi.
Universitetni tamomlagach, grant asosida bir oy Yaponiyadagi “Gifo” kollejida robototexnika bo‘yicha malaka oshirdim. O‘qish davomida yapon talabalari bilan o‘zaro tajriba almashdik. Biz yapon talabalari bilan muvozanatni ushlaydigan va mustaqil ravishda yuradigan avtorobot yaratishga muvaffaq bo‘ldik.
— Yurtimizda robototexnika sohasini rivojlantirishga butun diqqat-e’tiboringizni qaratgansiz. Ayting-chi, bu soha kelajak avlod uchun qanchalik muhim?
– Robototexnika darsi o‘ziga yarasha qiziqarli bo‘lishi bilan birga maktablarda fizika, matematika, informatika darslarini chuqurroq o‘rganish, yoshlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish, jamiyat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlarida katta ahamiyatga ega. O‘tgan yili hurmatli Prezidentimiz iqtidorli talabalar bilan yig‘ilish o‘tkazganida, ularga O‘zbekistonda robototexnika darslarini maktablarda ham joriy etish zarurligi haqida taklif bergandim. Taklifim yurtboshimizga ma’qul keldi. Hozirgi kunda robototexnika to‘garaklari “Barkamol avlod” markazlarida joriy etildi. Maktablarga ham sekin-asta kirib bormoqda.
Robototexnika darslari maktab va kollejlarda to‘garak sifatida joriy qilinib, 100 ta boladan 30 tasi yoki 10 tasi qatnashsa ham, ularning ichidan yo‘q deganda ikkitasi maktabni tugatguncha tayyor mutaxassis bo‘lib yetishadi.
– Bugungi kunda turli robotlarni ixtiro qilayotgan yoshlar talaygina. Ular yaratayotgan robotlar qandaydir maqsadlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Mutaxassis sifatida bunday robotlarga qanday baho berasiz?
– Misol uchun, qutqaruvchi robotlar yaratilishiga qarshiman. Afsuski, yosh innovatorlar orasida robototexnikaning to‘la mohiyatini tushunmaydiganlar ham topiladi. Metalldan yasalgan, ozgina ishlov berilgan har qanday texnika robot bo‘lolmaydi. Bunday turdagi robotlarni ixtiro qilish juda murakkab. Bitta zo‘r loyiha yaratish uchun vaqt, bilim va izlanish talab etiladi. Odamlarni qutqara oladigan robotlar hali yaratilgani yo‘q.
Biroq masofadan turib boshqariladigan robotlar yaratilmoqda. Masalan, xuddi odamning qo‘liga o‘xshaydigan robot qo‘lni kiygan operator ozgina harakat qilsa, robot yuz foiz harakatlaringizni takrorlaydi. Qo‘l harakatini takrorlaydigan robot deganda, aynan barmoq harakatini qaytarishini nazarda tutayapman. Bunday robotlar bombalarni zararlansizlantirish kabi maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin. Shunday robotni yaratish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda yoshlarimiz orasida “g‘oya o‘g‘irlash” muammosi ko‘p uchraydi. Ularning eng katta yordamchisi bu – “internet”. Bu yerdan tayyor loyihalarni olishadi-da, bunga pul tikish kerak, bu startap, deyishadi. Ko‘chirmachilik qilib tayyorlagan loyihalarini tezda ommaga tanitishni istashadi: turli ko‘rgazmalarda qatnashishadi yoki ommaviy axborot vositalari orqali namoyish qilishadi. Biroq shoshqaloqlik bilan tayyorlangan loyiha uzoqqa bormaydi. Yangi loyiha yaratishda sabr-toqatli bo‘lish innovatorning asosiy ish mezoni sanaladi.
— Endigina oliygohni tamomlaganingizga qaramay, hozirda siz rahbarlik qilayotgan markaz kishidan juda ham katta qunt, mas’uliyat va mehnat talab etadi. Ushbu markazning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
– O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 apreldagi №276-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan. Markazimizning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, ta’lim va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘zaro hamkorligini kengaytirish orqali ilm-fanning o‘zaro hamkorlik kommunikatsion maydoni sifatida texnologik platformalar yaratish;
– yangi bilimlar yaratish va innovatsion-intellektual muhitni shakllantirish;
– yosh olim va mutaxassislarni zamonaviy innovatsion mavzularga jalb qilish.
Ushbu markazda quyidagi laboratoriyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan:
– «Aviatsion va kosmik» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi;
– «Dron» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi;
– «3D prototiplashtirish» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi;
– «Informatsion Texnologiyalar» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi;
– «Robototexnika» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi;
– «5G» o‘quv-tadqiqot laboratoriyasi.
Markaz o‘z nomi bilan innovatsion ishlanmalarni joriy etishga ixtisoslashgan. O‘tgan yili “InnoWeek” innovatsion g‘oyalar haftaligini o‘tkazdik. Bunday haftalikni o‘tkazishdan asosiy maqsad innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish edi. Investorlar tashrif buyurishdi va innovatorlar bilan bog‘lanib, mahsulotlarini sotib olishdi. Bizning asosiy ishimiz innovatsion ishlanmalarni joriy etishdir. Yuqorida aytib o‘tganimday temirga to‘rtta motor qo‘ygan bilan bu innovatsiya bo‘lib qolmaydi. Biz ana shunday loyihalar ustidan qayta ishlaymiz. Baribir o‘shani yaratgan insonda harakat va izlanish bor. Uning modelini foydali model yaratishga yo‘naltirsak bo‘ladi. Agar innovatsion mahsulot tayyor bo‘lsa, biz uni joriy etamiz.
– Yaqin kunlarda yurtimizda qanday loyihalar joriy etilishi kutilmoqda?

– Robototexnika konstruktorlarini jamoaviy tarzda joriy qilishga erishdik. Bu narsa yangilik emas, chet elda uning analoglari bor. Lekin Xitoyda bu 1000 dollar tursa, bizda o‘zimiz ishlab chiqarganimiz uchun u 1 mln 200 so‘mni tashkil etayapti.
Markazimizga ko‘plab bir-biridan qiziqarli loyihalar kelib tushadi. Shulardan biri – ko‘zi ojizlar uchun elektron kitob. Bilamizki, bunday bemorlar uchun brayl alifbosi mavjud. Bu alifbo yordamida juda kam so‘zlarni o‘qish mumkin. Qolaversa, bunday kitoblar soni kam. Yangi elektron qurilmaga o‘qimoqchi bo‘lgan kitobingizni fleshka orqali joylashtirasiz. U kitobni tezkor ravishda brayl harflariga o‘girib beradi. Yangi innovatsion qurilma orqali harflarni tez o‘qishga imkon tug‘iladi. Bu yangilikni ixtiro qilgan talaba grant yutib, Italiyada malaka oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, yana bir innovator yigit ko‘zi ojizlar uchun hassa yaratgan. Hassa 4 metr masofa oldinda chuqur yoki suv bo‘lsa, tebranish yo‘li bilan egasini ogohlantiradi. Bu ham innovatsiya!
— Gaplaringizga qaraganda, innovatorlarning aksariyati yoshlar. Ayting-chi, markaz tomondan ularni rag‘batlantirish maqsadida qanday tanlovlar tashkil etilgan?
– 17 yanvar – xalqaro bolalar ixtirosi kuni. Shu sana munosabati bilan yosh ixtirochilar ko‘rik-tanlovini tashkil qildik. Unda 70 dan oshiq yoshlar 100 dan ortiq loyihalari bilan qatnashishdi. Kuchli 10 talikka kirgan maktab o‘quvchilari Turin politexnika universitetiga kirish uchun 50 foiz imtiyozga ega bo‘lishdi. Bu, albatta, yoshlarga kuchli rag‘bat beradi.
To‘g‘ri, ular hali loyihalarini joriy etganlaricha yo‘q. Qo‘lidan ana shunday ixtirolarni yaratish kelayotganining o‘zi katta gap. Tanlovda bir o‘quvchimiz elektron ko‘rinishda “aqlli chiqindi paqir” yaratgan. Agar qurilma yoniga yaqinlashsangiz, qopqog‘i ochiladi. Chiqindini tashlaganingizdan keyin qopqoq yana avtomatik tarzda yopiladi.
Ushbu tanlovda yana bir loyiha e’tiborimni tortdi. Ma’lumki, plastmassa idishlar (baklajkalar) qayta ishlab chiqarish jarayoni uchun muhim. Bo‘shagan baklajkalar ham sotiladi. Lekin biz uni sotish uchun tegishli joylarga borishga erinamiz. Biroq bir bolakay yaratgan chiqindilar uchun mo‘ljallangan paqirga baklajka tashlasangiz, u buni sezadi hamda hajmi va o‘lchamini oladi. So‘ng mobil ilova orqali baklajkaga to‘lanishi kerak bo‘lgan pulni telefoningizga tashlab beradi. Ushbu loyiha ekologiya ifloslanishining oldini olishi bilan o‘ta ahamiyatlidir. Bu kabi loyihalar juda ko‘p.
– Yosh bo‘lishingizga qaramay, katta va mas’uliyatli ishlarni amalga oshirib kelmoqdasiz. Maqsadga erishishda qanday usullarni qo‘llaysiz? Jurnalimiz o‘quvchilariga bu borada qanday maslahat berasiz?
– Har bir insonning o‘ziga yarasha iqtidori bo‘ladi. Faqat o‘zida bor iqtidorni vaqtida anglab, o‘sha tomon intilsa kifoya.
Bilasiz, insonni ruhiyat boshqaradi. Mening shunday odatim bor: har yili eski yil bilan xayrlashayotganimda, yangi yilda qilishim kerak bo‘lgan ishlar rejasini tuzib chiqaman. Xuddi shunday 2017 yilni kuzatib, 2018 yil kirib kelganda, telefonimga kelgusi yil rejasini yozib chiqdim. Keyin har safar ko‘zim tushib, meni shu rejalar sari yo‘naltirishi uchun telefonimning ekraniga chiqarib qo‘ydim. Birinchi navbatda, muhtaram Prezidentimiz bilan ko‘rishish, keyin chet elda malaka oshirib kelish, oxirida qandaydir davlat mukofoti bilan taqdirlanishni niyat qildim. Ishonasizmi, 2018 yilda shu maqsadlarning hammasi muvaffaqiyatli amalga oshdi. Odam marrani yuqori qo‘yib, o‘ziga ishonsa, albatta, maqsadiga erishadi.
                                                                                Sevara Abdullayeva suhbatlashdi.