Bugungi kunda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol o‘sishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan unumli foydalanayotgan iste’dodli va intiluvchan yoshlar oramizda juda ko‘p. Qaysi sohada bo‘lmasin, ular o‘z iqtidorlarini namoyon qilib, yuqori cho‘qqilarini zabt etib kelmoqda.

Yurtimizda bilimga chanqoq, intiluvchan va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda, sa’y-harakatlari munosib rag‘batlantirmoqda. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh olim” tanlovining yuqori darajada  tashkil qilinishi ham fikrimiz dalilidir. Ilm-fan sohasida erishgan yutuqlari bilan “yosh olim” nomiga sazovor bo‘lgan bir guruh yoshlar “INNOWEEK” g‘oyalar haftaligida sertifikat va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Quyida tanlov g‘oliblari bilan tanishasiz.

       «Onlayn-do‘kon – eksport qilishning samarali yo‘li»

        Saida Beknazarova, texnika fanlari doktori, dotsent. Tanlovning 1-o‘rin sohibi.

– Men Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olganman. Hozirgi kunda o‘z ilmiy faoliyatimni ham o‘sha yerda davom ettirmoqdaman. Sohamga doir yurtimizning taraqqiyotiga hissa qo‘shishda xizmat qiladigan loyihalar ustida tinimsiz ish olib borayapman. Innovatsiya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda milliy elektron savdo platformasini xalqaro elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashgan holda ishlab chiqishga doir loyiha bilan qatnashdim.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda iqtisodiy o‘sish kuzatilyapti, aholining mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabi kun sayin ortib bormoqda. Iste’molchining ehtiyojini qondirish uchun yanada sifatli va turli assortimentdagi tovarlar ishlab chiqarishga ahamiyat qaratilyapti.

Milliy iqtisodiyotda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali aholi farovonligini yaxshilash va turmush darajasini ko‘tarish, real daromadlarini o‘stirish, tovar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga erishish mumkin. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni bartaraf etish, yuridik va jismoniy shaxslarga tovar va mahsulotlarni shaxsiy do‘konlariga yetkazib berishning yangi zamonaviy mexanizmini yaratish ham bugungi kungacha dolzarb masala bo‘lib kelgan. Xalqaro to‘lov tizimlariga integratsiyalashgan Milliy elektron savdo maydonchasining yaratilishi nafaqat yuqoridagi masalalar yechimini belgilab berdi, balki barcha internet foydalanuvchilar uchun yagona axborot-savdo makonida savdo operatsiyalarini amalga oshirish imkonini yaratdi.

Ma’lumki, birlashtirilgan milliy internet-bozorlar butun dunyo bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni onlayn rejimda sotishning yagona mexanizmi hisoblanadi, shuningdek, onlayn multivalyuta to‘lovlarini qabul qilish orqali mahalliy va xorijiy tovarlar savdosini tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytiradi.

Diqqatga sazovor joyi shundaki, savdo maydonchada hisob ochib, barcha moliyaviy faoliyatlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Ichki to‘lov tizimining tavsifi iste’molchilar uchun maksimal qulaylik yaratadi hamda dunyodagi eng rivojlangan to‘lov tizimlari, shuningdek, mahalliy korxonalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Tovarlar barcha xalqaro valyutalarda sotiladi, buning uchun xorijiy banklar bilan hamkorlik o‘rnatiladi, shartnomalar tuzilib, valyuta hisob raqamlari ochiladi.

Milliy elektron savdo-sotiq platformasidagi savdo operatsiyalar pochta va kurer xizmatlari bilan integratsiyalashgan, xalqaro yetkazib berishni tashkil etishni nazarda tutgan holda amalga oshiriladi. Milliy elektron savdo maydonchasi butun dunyo bo‘ylab tovarlar yetkazib berishni  barcha ishtirokchilar uchun kafolatlaydi. Mazkur savdo maydonchasida tovarlarni sotish mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tovar va mahsulotlarni namoyish qilish va butun dunyo bo‘ylab xaridorlarni jalb etishga imkoniyat yaratadi.

 «SURUNKALI TeRI KASALLIGINI OLDINDAN TASHXISLASh»

Javlon Mullaxonov, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dermatovenerologiya va kosmetologiya Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yosh olimlar uchun amaliy grant boshlig‘i. Tanlovning 3-o‘rin sohibi:

– Surunkali va qaytalanuvchi eshakem kasalligini davolash hamda profilaktik choralarini ko‘rishning yangi tashxislash usuli ishlab chiqildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi yillarda eshakem kasalligiga ilmiy va amaliy qiziqishlar tobora ortib bormoqda. Negaki bu teri kasalligi aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida ko‘p uchraydi va allergik rinit, bronxit astmadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi odam hayotida bir marta bo‘lsa ham eshakem xastaligi bilan kasallanar ekan.

Kasallikning kelib chiqishi va uning davomiyligida ko‘pincha oziq-ovqatga bo‘lgan allergiya, dori-darmonlar, chang, zamburug‘, bakteriya va boshqa allergenlar aniqlanadi. Dermatozni davolashda ko‘plab patogenetik va simptomatik ta’sir etuvchi preparatlar ko‘llaniladi, ammo ushbu preparatlar xamma vaqt ham ko‘tilayotgan natijani bermaydi.

Bizning eshakem bilan xastalangan bemorlarda olib borgan ilmiy-tadqiqotimizda immunitet buzilishi belgilari quzatildi. Aynan shu holat sitokin statusining faollashishi, ya’ni umumiy IgE giperproduksiyasi fonida yallig‘lanishga qarshi (IL-4, IL-6) va yallig‘lanish oldi (IL-10) sitokinlari ishlab chiqishining oshishi bilan xarakterlanadi.

Shuningdek biz, eshakem kasalligining kelib chiqishi va kechishiga javobgar genlar ustida ham tadqiqot olib bordik. Olingan natijalar asosida biz eshakem kelib chiqishining bashoratlash usulini ishlab chiqdik.

Kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, bemorlarga antileykotrien preparatlari guruhiga kiruvchi Montelukast dori vositasi eshakemning turli xil shakllari bilan xastalangan bemorlarni kompleks davolashga tavsiya etildi. Bu usul davolashning samaradorligini oshiradi va surunkali eshakemning qaytalanish sonini kamaytiradi.

Patogenetik davolashni joriy etishning iqtisodiy samarasi kasallikning surunkali qaytalanishlar sonini qisqartirish va bemorlarning moliyaviy dori-darmonga ketadigan xarajatlarini o‘z o‘rnida kamaytirishdir.

                     “Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash mumkin”

     Zebiniso Mirakbarova, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Biologiya fakulteti “Mikrobiologiya va biotexnologiya” kafedrasi o‘qituvchisi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli “Ilg‘or texnologiya markazi”ning ilmiy xodimi:

– Bugungi kunda ko‘krak bezi saratoni dunyo bo‘yicha eng ko‘p uchraydigan saraton turlaridan biridir. Bu xastalik, ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan saraton turiga kiradi. Har yili jahon miqyosida 1 milliondan ortiq aholi ko‘krak bezi saratoniga chalinayotgani Butunjaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qayd etilmoqda. Kasallik rivojlanishiga noto‘g‘ri ovqatlanish, nasl, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jarayonlar asosiy omil hisoblanadi.

Mazkur xastalikni erta aniqlash va moyillikni o‘rganish uchun metilspetsifik PZR tashxislash usuli  qo‘llanilishi mumkin. Chunki DNKning metillanishi saraton rivojlanishining erta markeri hisoblanadi. Biroq bugungi kunda yurtimizda kasallikni erta tashxislash uchun PZR usuli qo‘llanilayotganda bisulfit konversiyalash to‘plamlari xorij mamlakatlaridan valyuta mablag‘lari evaziga sotib olinmoqda. Taqdim etgan loyihamda O‘zbekistonda xuddi shunday ma’lumotlar to‘plamini yaratish va xar bir bemorda metillanish holatini tahlil qilishni joriy qilishni maqsad qilganman. Ushbu kerakli to‘plamlar orqali dastlabki bosqichlarda o‘sma rivojlanishini erta aniqlashga erishiladi. Eng muhimi, oltinga teng salomatlikni saqlashga muvaffaq bo‘lamiz. Shuningdek, import qilinayotgan reagentlarning analoglarini yaratish natijasida valyuta mablag‘larini tejash ham ko‘zda tutilgan.

                       “Temir yo‘l sohasi uchun qulay imkoniyat”.

Ziyoda Muhamedova, Toshkent temir yo‘l muhandislar instituti “Transport Logistika va Servis” kafedrasi doktoranti:

– Ma’lumki, hozirda temir yo‘l bekatlarida poezdlar soni ko‘payib, unga yarasha talablar ham ortib bormoqda. Misol uchun, tez yurar poezdlarni oladigan bo‘lsak, ularni ko‘paytirish uchun maxsus texnikalar zarur. Tabiiyki, elektr tarmog‘i orqali tinimsiz harakatlanadigan poezd yo‘llari ko‘pincha ta’mirga muhtoj bo‘ladi. Ana shunday paytda temir yo‘llarda ta’mirlash ishlarini olib borishga mo‘ljallangan maxsus Adem-1 dizel mashinasi juda qo‘l keladi. Mashina yuk yoki ishchilarni ta’mirlash ishlarini bajarishi uchun kerakli joylarga eltishga xizmat qiladi. Bunday mashinalar bo‘lmasa, elektr simlarni montaj qilishning iloji bo‘lmaydi. Adm-1 dizel mashinalarning xizmat qilish muddati 20 yil. Kerakli muddat o‘tgach, u yaroqsiz holga keladi yoki umumiy ta’mirga muhtoj bo‘ladi. Biz bu turdagi mashinalarni Rossiya va Avstriya kabi davlatlardan olib kelamiz. Hattoki ularni to‘liq ta’mirdan o‘tkazish uchun ham chet mamlakatlarga murojaat qilamiz. Poezdlarni kapital ta’mirdan chiqarish xarajati esa 2 mln dollardan oshadi. Men shu kabi holatlarni inobatga olib, chet ellik mutaxassislarni chaqirmasdan mashinalarni o‘zimizning metodika bo‘yicha to‘liq ta’mirdan o‘tkazib, mehnat faoliyatini yanada uzaytirishga erishish taklifi bilan chiqdim. Hozirda shu yangi metodika bo‘yicha 5 ta ana shunday mashinalarni qayta tiklab, xizmat faoliyatini uzaytirishga muvaffaq bo‘ldik.

2016-yilda ushbu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida mashinalarni ta’mirlash uchun ketadigan 16,202241,5 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilindi.

                                                     Sevara Abdullava tayyorladi.