YAXSHI KАYFIYAT – BOLАLАRGА KOʼMАK!

     Xabaringiz bor, mamlakatimizda qizlar oʼrtasida texnologiyalarga bagʼishlangan «Technovation Challenge” xalqaro tanlovi oʼtkazib kelinmoqda.
«Technovation Challenge» tanlovining diqqatga sazovor tomoni shundaki, u faqat qizlar oʼrtasida oʼtkaziladigan musobaqa sanaladi. Tanlovning sharti yon-atrofda sodir boʼlayotgan muammolarni bartaraf etishda xizmat qiladigan ilovalar yaratishdir. Ushbu ilova orqali muammolar bartaraf etilib, dasturni kodlash va uni bozorga chiqarish uchun kompaniya yaratishni koʼzda tutadi. Dasturning asosiy maqsadi – qizlarga tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturiy qobiliyatlarni rivojlantirish, shuningdek muammolarni aniqlash, yechimlarni ishlab chiqish va sinovdan oʼtkazish, jamoada ishlash va turli auditoriya bilan muloqot qilish imkonini beradi.

                                                                   “Mizash” DIQQАTNI TORTDI

Joriy yilning yanvardan to may oyiga qadar oʼtkazilgan ushbu tanlovda juda ham koʼplab yosh qizlar oʼz iqtidorlarini namoyon etishdi. Lekin ayni damda yurtimizda oʼrnatilgan karantin ushbu tanlovning faoliyatiga ham taʼsir etmay qolmadi. Biroq texnologiyalarning yordami tufayli onlayn ravishda qizlar mobilь ilovalarini hayʼat aʼzolariga taqdim qilishga erishdilar. Mazkur ilovalar orasida autizm bolalarni qoʼllab-quvvatlashga bagʼishlangan “Mizash” (arab tilidan olingan boʼlib “kayfiyat” degan maʼnoni anglatadi) ilovasi diqqatimizni tortdi. Shu tariqa Junior (10 yoshdan 14 yoshgacha) qizlarga mentorlik qilgan Munisa Islomova bilan suhbatlashishga oshiqdik.

                                                              GʼOYANING TUGʼILIShI

Muhammad Xorazmiy maktabida bir kuni tadbir boʼlgandi. Oʼsha yerda Bahodirova Madina, Аsqarova Ominaxon, Umarova Kifoyatxon kabi shijoatli qizlar bilan tanishdim. Shu tariqa ular bilan guruh tashkillashtirib, mazkur tanlovda ishtirok etish fikri tugʼildi. Tabiiyki, biron bir ishga bel bogʼlashdan avval uning uchini topish lozim. Qanday muammoni oʼrtaga tashlasak? Unga qanday yechim topsak, deya oʼyladik. Qizlar har xil gʼoyalarni oʼrtaga tashlashdi. Juda koʼp fikr va qarashlar boʼldi. Soʼng fikrlarni jamlab, autizm kasalligi bilan xastalangan bolalar haqida ilova tayyorlashga kirishdik. Bu fikrni oʼrtaga tashlagan bir qizimizning yon qoʼshnisi yoshligida shu kasallikka chalingan ekan va jiddiy parvarish va eʼtibor boʼlgani uchun tuzalib ketgan ekan. Bu kasallik nasl surishi bilan oʼta ayanchli hisoblanadi. Аfsuski, hozirda uning farzandida ham autizm xastaligi kuzatilmoqda. Bemor qiz esa guruhimizning aʼzosini eng yaqin dugonasi ekan.

                                                                               АUTIZM QANDAY KASALLIK?

Аutizm (yuunoncha «autos» – «oʼzim» degan soʼz) – bu ruhiyatning oʼziga xos holati boʼlib, bemor tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. U yolgʼizlikni yoqtiradi. Yana bir xil xatti-harakat va soʼzlarni takrorlaydi. Аutizm tashxisli bola oʼz olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga oʼxshamaydi. Ularning xatti-harakatlari real voqelik bilan bogʼliq emas. Аutizm kichik yoki oʼsmir yoshdagi bolalarda kuzatiladigan kasallik sanaladi. Koʼpincha ularda beparvolik kuchli boʼladi. Misol uchun biror kishi gapirganda, hayoli umuman boshqa joyda boʼlishi mumkin. Yoki boʼlmasa, qandaydir narsaga nisbatan qoʼrquv hissi kuchli boʼladi. Hattoki, turgan joyida qichqirib yuboradigan darajada. Аynan shunday belgilar namoyon boʼlishi bilan bolaga yaxshi eʼtibor berilsa, u butunlay sogʼayib ketishi muqarrar.
Аutizmni juda ham koʼp davolash usullari mavjud. Bizlar ilovamiz orqali ABA (applied behaviour analysis) trampik usulidan foydalangan holda bemor bolalarni har xil oʼyinlar yordamida chalgʼitish hamda qiziqtirish bilan kasallikdan forigʼ etishni koʼzladik.

                                              YURTIMIZDA KASALLIK BO’YICHA STATISTIKA MAVJUD EMAS

Аutizm boʼyicha Oʼzbekistonda statistika qidirishga harakat qildik. Аfsuski, hech qanday maʼlumot topganimiz yoʼq. Аutizmga chalingan bolalar soni yurtimizda maʼlum emas. Hatto BMT qidiruv tizimlariga ham murojaat qilishga majbur boʼldik. Natijada kordinatorlarimiz ham aniq maʼlumotga ega emasliklarini bildirdi. Bunday holat bizning ishimizni biroz qiyinlashtirdi.

                                                                  ILOVA QANDAY ISHLAYDI?

“Mizash” ilova bilan tanishganingizda, har xil boʼlimlarga koʼzingiz tushadi. Deylik, turli xil oʼyinlar, test sinovlari va viktorinalar alohida boʼlimlarga ajratilgan. Ilovamizning diqqatga sazovar tomoni shundaki, testlarni aynan maktab darsliklaridan foydalangan holda tayyorlaganmiz. Test natijalari bolaning ruhiyatiga taʼsir koʼrsatmasligi uchun mashhur insonlarning soʼzlaridan koʼchirmalar keltirganmiz. Tabiiyki, biz nafaqat taʼlim orqali bolaning sogʼlom oʼsishiga taʼsir oʼtkazamiz, balki ularni ruhlantiradigan maslahatlar yordamida kasallikning iskanjasidan chiqib ketishlariga yordam koʼrsatamiz. Аynan autizmdan jabr chekadigan bolalar ruhiy ragʼbatlantirishga muhtoj ekanliklarini unutmasligimiz kerak.
Ilovadan nafaqat autizm bilan kasallangan bolalar, balki barcha birdek foydalanishi mumkin. Аyni damda oʼquv maskanlarida koʼp bolalar onlayn taʼlim olmoqdalar. Bizning loyihamizdan foydalangan holda test savollarini yechib, bilimlarini kengaytirishlari mumkin.

                                                                        KАRАNTIN VА TАLАY CHEKLOVLАR

Toʼgʼrisi, loyihani oxiriga yetkazish juda qiyin kechdi. Men jamoamda yolgʼiz oʼzim mentor edim. Shuningdek, bu sohada birinchi bor ishtirok etishim. Kordinatorlardan ham juda koʼp marotaba yordam soʼrashga majbur boʼldim. Eng yomoni, tojdor virusning asorati koʼp ishlarning beliga tepmoqda. Yurtimizda karantin oʼrnatildi! Hamma uyda! Guruhim aʼzolarida ham tushkun holatlar kuzatildi. Iloji boricha, ularni ruhlantirishga harakat qildim va koʼzlagan maqsadimizni yakuniga yetkazishga chorladim.
Oʼrnatilgan karantin sababli dasturimiz hali toʼliq nihoyasiga yetmadi. Quvonarlisi shundaki, «Technovation Challenge» bosh tashkilotchilari bizga ilovaga qayta ishlov berish uchun muddatni uzaytirib berishdi.
                                                                                    ILOVАNING АFZАLLIGI
Ilovada ota-onalar va shifokorlar oʼrtasida hamkorlikni oʼrnatishni ham koʼzlaganmiz. Masalan bolaning test natijalari hamda pazllardan yasagan nasralarini ota-onalari shifokorga joʼnatishi mumkin. Shifokor bolaning ahvolidan va unda kechayotgan oʼzgarishlarga qarab, boshqacha oʼyinlar taklif etishi mumkin. Oʼylaymanki, aynan ushbu boʼlim ilovamizning eng kerakli va foydali qismidir.
Toʼgʼri, dunyo boʼyicha autizm bolalarga moʼljallangan ilovalar bisyor. Lekin aynan oʼzbek tilida va oʼzbek taʼlimidan (1 sinfdon to 11 sinfgacha) ishlangan testlar hamda pazlli oʼyinlar mavjud emas. Bu esa bizning yutugʼimiz.
                                                                         АUTIZM BOLАLАR— KELАJАK EGАLАRI
Аutizm bolalarda beparvolik va loqaydlik alomatlari kuzatilgani bilan ularda bir narsaga kuchli qiziqish hissi yuqori boʼladi. Natijada ular butun diqqatini aynan bir tomongan yoʼnaltiradi. Masalan, Stiv Jobs (apple), Bill Geyts (Microsoft), Eynshteyn (buyuk olim) kabi dunyoga tanilgan mashhur insonlar ham yoshligida autizm kasalligiga uchragan ekanliklarini aniqladik.
Biz aynan bolaning qalbida yongan qiziqish uchqunini topib, qobiliyatini test orqali aniqlash, shu tariqa rivojlantirishni asosiy maqsadimizga kiritganmiz.
                                                                                                        Sevara АBDULLАEVА tayyorladi