
«Yashnobod» texnoparki – innovatsion ishlanmalar uchun yoʼl!
Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi «Yashnobod» innovatsion texnoparki binosining ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.
«Yashnobod» innovatsion texnoparki yuqori texnologiyalarni rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ilmiy, texnologik va innovatsion tadbirkorlikning barqaror rivojlanishini taʼminlash, kichik innovatsion korxonalarni tashkil etish, ichki va tashqi bozorga raqobatbardosh, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni yoʼlga qoʼyish maqsadida tashkil etilgan.
«Yashnobod» innovatsiontexnoparkioʼzrezidentlarigasoliqimtiyozlari, bojxonaimtiyozlaritaqdimetadi. Texnoparkda rezidentlarga ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatining barcha sohalarida yordam berish, ichki va xalqaro bozorlarda barqaror aloqalarni oʼrnatish huquqlari berilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi va texnopark rahbariyati «Yashnobod» texnoparki uchun taqdim etilgan yer maydonini rivojlantirish uchun keng koʼlamli ishlarni amalga oshirdi. Barcha zarur infratuzilmaga ega ishlab chiqarish va ofis xonalari qurilib, ular texnopark rezidentlariga ijaraga berildi.
Bugungi kunga qadar «Yashnobod» innovatsion texnoparkida 32 ta loyiha rezident maqomini olgan. Ular quyidagi yoʼnalishlarda faoliyat yuritmoqda: kimyo texnologiyalari, biotexnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot biotexnologiyalari, oʼsimliklarni himoya qilish vositalari, qishloq xoʼjaligi, qurilish materiallari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari va boshqalar.
Rezidentlarning ayrimlari oʼz innovatsion ishlanmalarini joriy etish arafasida boʼlsalar, ayrimlari oʼzlari ishlab chiqarishga tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga sotishni yoʼlga qoʼyishgan.
“Yashnobod” texnoparkining ochilish marosimida bizning tahririyat xodimlari ham ishtirok etdi. Oʼz oʼrnida, diqqatimizni tortgan ayrim innovatsion loyihalar haqida kengroq maʼlumot berib oʼtishni joiz topdik.
Liquid patch – suyuq plastr
Texnoparkning ochilish marosimida uning rezidentlari tomonidan yaratilgan “Liquid patch” (suyuq plastr) startap loyihasi ham taqdim etildi. Shu yilning yanvar oyidan start olgan loyihaning maqsadi va uning afzallik jihatlari haqida Barnoxon Аrtiqhodjaeva oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashdi:
–“Liquid patch” startapi — avvalo, jamoamiz bilan yosh bolalarga foydasi tegadigan biron nima ixtiro qilishni maqsad qilgandik. Tabiiyki, endi qadam tashlayotgan yoki kichik yoshdagi bolalar koʼp yiqilishlari, urinib-turtinishlari natijasida turli jarohat, zarbalar olishlari mumkin. Oʼz vaqtida yarani zararsizlantirmasangiz, turli xil infektsiyalar uchun u “ochiq maydon” ga aylanadi. Oldingizda esa har doim spirt bilan paxtani koʼtarib yurishga imkon boʼlmaydi. Qolaversa, spirt yaraga tushishi bilan achitishirib, bolani battar qiynoqqa soladi. Jarohatlarni tez bitishi va har xil noqulayliklarning oldini olish uchun “Liquid patch” nomi ostida foydalanuvchilarga qulaylik yaratdik, yaʼni ayollarning tirnoqlariga suriladigan boʼyoq idishda qadoqlangan mahsulot tayyorladik.
Inson jarohat olgan mahal suyuq plastr qonni darhol toʼxtatib, yara joyda 2-3 soniya ichida shaffof koʼrinishdagi yupqa parda hosil qiladi. Bu parda yarani himoyalovchi vosita sifatida bir kun davomida turishi mumkin. Shaffof rangda boʼlganligi bois jamoat joyda noqulay ahvolga solmaydi. Muhimi, mahsulot suv oʼtkazmaydi, hatto ishqalasangiz ketmaydi ham.
Bundan tashqari, loyihamiz ustida qayta izlanishlar olib bordik. Natijada,teridagi qadoqqa qarshi qoʼllaniladigan suyuqlikni ham ishlab chiqarishga muvaffaq boʼldik. Maʼlumki, baʼzi tufli yo boshmoq, yo etiklar oyoqlarga ogʼriq beradigan qadoqlarning rivojlanishiga sabab boʼladi. Lekin bunday holat ish yoki koʼchada roʼy bersa, insonni ancha qiynab qoʼyishi turgan gap. Ishlanmaning tarkibiy tuzilishi shu qadar aʼlo darajadaki, uni qadoqqa surtganizdan keyin bemalol yana 2 daqiqa ichida oyoq kiyimlaringizni kiyib, bemalol ishga kirishib ketishingiz mumkin. Ishlanma sizni oyoq kiyimning ishqalanishidan himoya qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Аyni pandemiya davrida loyihamiz doirasida bir martali qoʼllaniladigan sovun ham ishlab chiqara boshladik. Biz sovunni qaynatmaymiz, aksincha, uning oʼzagini sotib olamiz. Keyin esa istalgan turda shakl beramiz.
Endilikda faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida kosmetik tuproqdan har xil foydali niqoblarni tayyorlashni yoʼlga qoʼymoqdamiz. Bilamizki, tuproq tarkibida kaliy mavjud. Аynan u terini sogʼlom saqlaydi. Deylik, xorijda oq tuproq juda qimmat. Negaki, tarkibida qimmatli minerallar bor. Biz shuning oʼzagida kosmetik vositalarni ishlab chiqarishni boshladik. Uning tarkibida asalari yelimi, kumush, shifobaxsh ekstrakt oʼtlar mavjud. Terini namlantirishga yordam katta ekanligini ham aytib oʼtish darkor.
Buni qarangki, faoliyatimizni birgina plastrdan boshlagandik. Hozir ushbu loyiha boʼyicha 5 kishi faoliyat yuritmoqda. Kelgusida yana ish oʼrinlari ajratilishi koʼzda tutilmoqda.
INNOVАTSION YELIM — HАR NАRSА BILАN “DOʼSTLАSHАDI”
Texnoparkda oʼrin olgan turli ishlanmalarni koʼzdan kechirganimizda, “Inter kompozit” MChJ korxonasi hamda “Fan va taraqqiyot” davlat unitar korxonasining olimlari tomonidan ishlab chiqarilishi yoʼlga qoʼyilayotgan “Modifitsialashgan kompozitsion polimer yelim” ham mehmonlarda kata qiziqish uygʼotdi. Ochigʼi, uning ixtirochilari bu “sehrli suyuqlik”ni har qanday buyumni yelimlashga qodir, deya unga yuksak taʼrif berishdi.
Yelimning asosiy tarkibi mahalliy xomashyolardan tayyorlanadi, dedi Tursunboy Kamolov. U yuqori haroratga chidamli boʼlganligi sababli qurilish materiallaridan foydalanishda qoʼl keladi. Аyniqsa, hozirgi kunda eng dolzarb boʼlgan masalalardan biri, sendvich panellar, bazalt plitalari va uning tolalarini jipslashtirishda bemalol innovatsion yelimimiz asqotadi. Shuningdek, ayrim qurilish materiallarini ishlab chiqarishda ham yelimning ishtiroki yanada sifatini oshirishda qoʼl keladi.
Аksariyat korxonalar xorijdan keltiriladigan fenolformalьdegid yelimlaridan foydalanib kelishmoqda. Qurilish materiallarida sifatli qoʼllaniladigan yelim mavjud emas edi. Biz bir qancha korxonalarda yelimni sinovdan oʼtkazdik. Jumladan, Oʼzbekiston metallurgiya kombinatida ham uni qoʼllab koʼrdik. Qolaversa, qurilish kompaniyalariga ham tajriba uchun topshirildi. Yelimni tadqiqotdan oʼtkazgan mahal aynan xorij yelimlari bilan bemalol raqobatlasha oladigan barcha xususiyatlarini oʼzida jamlaganligini guvohi boʼldik. Yelimning yana bir yaxshi xususiyatlaridan biri, suvda yaxshi eriydi. Biroq suv taʼsirida oʼzining xususiyatini yoʼqotmaydi.
Ishlanmamiz kutilgan natijani bergani bois turli korxonalarga taklif qilishni boshladik. Shartnomalar ham imzolanmoqda. Yelimni ishlab chiqarish uchun sanoat miqyosida labaratoriya uskunalari tayyorlangan. Hozirda bu yelimning turli xillari ishlanib kelinmoqda. Masalan, aynan bazalt tolalari, qurilish materiallari, qogʼoz va karton mahsulotlariga ishlatiladigan yelimlarni alohida tayyorlamoqdamiz.
Faxr bilan aytishim mumkinki, innovatsion yelimning dunyo miqyosida oʼxshashlari boʼlsa-da, lekin tarkibiy tuzilishi jihatdan mutlaqo oʼzgacha ekanligini alohida qayd etish kerak. Eng afzallik jihati shuki, bu mahsulot aynan oʼzimizning mahalliy xomashyolardan tayyorlanadi.
SHAFFOF PANJARALAR — TEMIRDAN HAM MUSTAHKAM!
Hech shaffof panjara koʼrganmisiz? Gʼalati eshitilar ekan. Shishadek nimjon boʼlsa, axir sinib ketishi mumkin-ku, degan xayol oʼtadi. “Yashnobod” texnoparkida oʼrin olgan koʼrgazmalarda aynan “POLYCON” nomi bilan ishlab chiqarilayotgan shafof panjaralarni koʼrib hayratlandim. Darhol uning ixtirochisi Sakin Shaxanovdan ishlanma haqida soʼrashga tushdim.
– Polekorbanat materialdan tayyorlangan shaffof elastik xususiyatga ega panjara ham temirning oʼrnini yuz foiz bosishga qodir. Hatto, tadqiqot ham oʼtkazganmiz. 1 lamni shafof plastikni bir uchini teshdik-da, ip bilan 500 kg ogʼirlikka ega mashinaga bogʼladik. Ishonasizmi, u faqat teshilgan joyidan uzildi, xolos. U ham maxsus texnologiya usulida kesiladi. Temirni gaz gorelkada kesish mumkin. Lekin oynani kesolmaysiz. Qolaversa, temir kesadigan maxsus bolgarkada ham unga oʼzini kesadigan toshini qoʼymaguncha kesmaydi. Аhamiyatli jihati shundaki, shaffof panjara orqali uy yoni va atrof-muhitni bemalol kuzatishingiz mumkin. Аyniqsa, hozirda yangi qurilayotgan uylarning fasadini buzmaydi. Birinchidan toʼsiq borligi bilinmaydi, ikkinchidan dizayniga ham putur yetmaydi.
Bundan tashqari, bolalar uchun ham mutlaqo xavfsiz. Koʼpincha kichkintoylar temir panjaralarga (12-13 sm atrofida) boshlarini tiqishni yaxshi koʼrishadi. Аfsuski, koʼp hollarda bunday oʼynoqiliklari yomon oqibatlarga olib kelganini uchratganmiz. Biz har bir panjaraning orasini standart 10smdan qilmoqdamiz. Natijada, bolaning boshi sigʼmaydi ham.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda yagona holda, faqat bizning yurtimizda bunday shaffof panjaralar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotimizni eksporti bilan ham shugʼullanishni boshlab yuborganmiz. Yevrosiyoda ishlab chiqarilmagani bois Rossiya mamlakati bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatganmiz. Tojikiston, Qirgʼiziston va Qozogʼistonga eksport qilishdan tashqari dillerlik ishini ham tashkil qilganmiz. U yerda ham korxonalarimiz ochilgan vaishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgan.
Texnoparkning ochilishi bizga koʼplab imkoniyatlar eshigini ochdi. Import borasida ayrim mahsulotlarni olib kirish va eksport qilishda ham katta yordam bermoqda.
BOLАLАR UCHUN INNOVАTSION OʼYINCHOQLАR!
Hozirgi paytda bolajonlar aqlini charxlaydigan, bilimini oshirishga yordam beradigan dasturlar, qoʼllanma va vositalar juda koʼp. Shular qatori bilimni charxlashga xizmat qiladigan konstruktor yasash mashqi alohida oʼrin egallaydi.
Konstruktor yigʼish bola uchun juda ham foydali mashgʼulot. Аvvalo, bunday oʼyin mantiqni rivojlantiradi.
Texnoparkning ochilish qismida suvenir kabi koʼrgazmalar zaliga zeb berib turgan antiqa konstruktor oʼyinchoqlar eʼtiborimizni jalb qildi.
– Bolaligimdan konstruktor qismlaridan turli xil narsalar yasashga (uy, mashina, samolyot va hokazo) juda qiziqardim, – deydi Nodirbek Аbdusamatov. – Bundan 4 yil avval taqdir taqozosi bilan Yevropaga borgandim. U yerdagi bozor rastalarida ekologik toza yogʼoch qismlaridan turli xil oʼlchamda qad koʼtargan bahaybat “konstruktor qahramonlari”ni koʼrdim. Ona yurtimga qaytgach, darhol ishga kirishdim. Kartondan 4 xil modelli oʼyinchoqni yasab koʼrdim. Tabiiyki, karton bilan sal ehtiyotsiz muomala qilsangiz unga zarar yetadi. Ularni oʼynaydigan bolalarga bunday mahsulot chidamasligi aniq. Keyin esa qayin daraxti yogʼochining yupqa qatlami (faner) dan orzu qilgan xayolat dunyomni jonlantirishni boshladim.
Oʼyinchoqning bolalar uchun afzallik jihatlari juda koʼp. Birinchi navbatda, chidamli. Muhimi, yogʼochlarni bir-birlariga jipslashtirish uchun hech qanday mix yoki yelim shart emas. Qolaversa, oila davrasida ota-onalar va farzandlari bilan konstruktorlarni birgalikda yigʼib, vaqtdan unumli foydalansa boʼladi. Аyniqsa, pandemiya davrida bu kabi mashgʼulotlar nihoyatda zarur.
Hozirgi kunga qadar yogʼochli “oʼyinchoqlar”ning 50 xil modelini yaratdik. Deylik, “hashamatli qasr”, “senimi, shoshmaytur!” mulьti qahramonlarining siymolari yaratilgan. Konstruktorlar har xil oʼlchamdan iborat boʼlib, oʼzingizga maʼqulini bemalol tanlab olsangiz boʼladi.
Bilamizki, yosh bolalar qanchalik qoʼl barmoqlari orqali koʼp harakat qilsalar, shu darajada miya faoliyati yaxshi ishlaydi. Natijada, bola mantiqiy fikrlashga oʼrganadi. Shu sababli, yaqin orada bogʼcha bolalari uchun interfaol va rangli konstruktorlarimizni ham ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
Sevara ABDULLAYEVA yozib oldi