
YANGI DAVRNING QAYNOQ INNOVATSIYALARI
“Innovator” jurnali oʻz oʻquvchilariga eng soʻnggi va barcha uchun qiziqarli boʻlgan innovatsion loyihalarni taqdim etadi. Ushbu loyihalarning barchasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. Oʻqing, motivatsiya oling va siz ham yarating!
Havoni tozalovchi g‘isht
Innovatsiyalar yangi bilimlar, kashfiyotlar, ixtiro va tadqiqotlar natijasida rivojlanib boradi. Bizning qahramonimiz yaratgan yangi ekologik g‘isht ham ana shunday tadqiqotlar natijasidir. Shu vaqtga qadar dunyo boʻylab qurilish sohasida 4 turdagi gʻishtdan foydalanilgan boʻlsa, endilikda insonlar havoni tozalashga yordam beradigan gʻishtdan ham bino qurishlari mumkin.
Mashhurbek Ismoilov, loyiha rahbari:
— Biz dastlab ohak ishlab chiqarar edik. Ish jarayonimizda ohakdan yana nima ishlab chiqarish mumkin, deb koʻp oʻyladik. Keyinchalik gʻisht yaratish gʻoyasi tugʻildi. Bu loyiha bizning 15 yillik tadqiqotlarimiz samarasidir. Gʻisht ohak toshi va ohakdan ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarishdan soʻng gʻisht toshga aylanadi va yillar davomida atrofdagi karbonat angidrid gazini yutib, havoni tozalaydi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 50 yil davomida 1 dona gʻisht 200 grammgacha karbonat angidrid gazini yutadi. Biz yaratgan gʻisht tarkibida sement, yelim yoʻq. Uning oʻrniga karbonat angidrid gazi karbonizatsiya qilinadi. Natijada ular toshga aylanadi. Аsosiysi, bu gʻishtlar shunchaki bir burchakda tursa ham zararli gazni yutib, aholimiz uchun naf keltiradi. Kelajakda shu kabi yoʻlak plitalarini ham ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz.
Bir yilda 6 million dona gʻisht ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Bugungi kunda Qirgʻiziston bilan 200 ming АQSh dollarlik shartnoma imzolandi. Shuningdek, Qozogʻiston bilan ham hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Loyihamizga Rossiya Federatsiyasidan ham qiziqish bildirilmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, bir dona gʻishtimiz 1 АQSh dollari miqdorida baholanib, eksportga yoʻnaltiriladi. Oʻzbekistonda esa undan 2 barobar arzon sotishimiz belgilangan.