
Pomidor endilikda daraxtda yetishtiriladi
Barchamiz meva-sabzavotlarning u yoki bu turini xush koʻrib isteʼmol qilamiz. Аyniqsa, pomidordan qilingan salatlar doimo dasturxonimizda. Yurtimizda endilikda pomidorlar daraxtlarda yetishtirilishi haqida koʻpchilik bilmasa kerak. Loyiha rahbari Oybek Yoʻldoshev daraxt va uning hosili haqida shunday maʼlumot berdi:
– Bizning pomidor daraxtimizning oddiy pomidor koʻchatlaridan asosiy farqi serhosilligi va yerdan unumli foydalanish uchun juda qulayligidadir. 5 yillik pomidor daraxti 1.5 tonnagacha hosil berishi mumkin. U xuddi uzum mevasidek yetishtiriladi. Bu esa issiqxonaning yuqori va pastki qismidan bir vaqtning oʻzida ikki marta hosil olish imkonini beradi.
Pomidor daraxtimiz koʻp yillik hisoblanib, 9 yil davomida qishin-yozin, doimiy hosil beradi. Uni, asosan, issiqxonalarda qishda issiq, yozda 40 darajadan oshmagan holatda saqlash lozim.
Pomidor daraxti 12 metrgacha oʻsadi. Mazasi boshqa pomidorlarnikidan sira farq qilmaydi. Ushbu daraxt boshqa davlatlarda ham yetishtiriladi. Xususan, biz yetishtirayotgan nav Rossiya davlatidan keltirilgan.
Issiqxonamizda pomidorning “cherry” – qizil va sariq navlari ham yetishtiriladi.