Yoshlar — kelajagimiz, yurt tayanchi hamda ishonchidir. Ularning bilim olishlari va tajriba ortirishlariga qanchalik o‘z hissamizni qo‘shsak, ertaga, albatta, uning natijasini olamiz. Sir emaski, oxirgi yillar ko‘p yoshlarimiz dunyoning eng shuhrat qozongan oliygohlarining namunali talabalari qatoridan joy olib kelmoqda.
Endilikda, nafaqat nufuzli universitetlarga, balki tajriba almashish istagida yurgan malakali yoshlar uchun ham mamlakatimizda keng qo‘lamli ishlar amalga oshirilib kelmoqda. Shu o‘rinda, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi “Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi” tomonidan tashkil qilingan yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha 2018 yili tanlov e’lon qilingandi. Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ayrim yoshlarimizning ulkan loyihalari bilan qiziqdik.

Abdusalom Mahkamov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi katta ilmiy xodimi. AQSh davlati Texas shtati, Labok shahrida joylashgan Qishloq Xo‘jaligi Departamenti O‘simliklar stressi va germplazmani rivojlantirish laboratoriyasida ilmiy stajirovka o‘tagan.

“QISHLOQ XO‘JALIGI RIVOJIGA KATTA HISSA QO‘SHMOQCHIMAN”

– Olti oy davom etgan ilmiy stajirovkada katta tajriba orttirdim. Loyihamning maqsadi – g‘o‘za genomini tadqiq qilishda keng qo‘llanilayotgan Cotton SNP63K-Array texnologiyasi yordamida ingichka tolali Gossypium barbadense L. g‘o‘za turiga xos bo‘lgan germplazmaning 288 ta namunalarini genotiplashdan iborat.

Mazkur texnologiya 63000 ta SNP (Single Nucleotide polymorphism – yagona nukleotid polimorfizm) markerlarini o‘zida tutgan nanochipga ega bo‘lib, undan 45000 tasi o‘rta tolali g‘o‘za turi va 18000 tasi bir nechta qimmatli g‘o‘za turlari genom ma’lumotlari asosida tuzilgan SNP markerlari hisoblanadi. Bunday markerlar g‘o‘zada qimmatli xo‘jalik belgilar bilan bog’liq bo’lgan yagona nukleotid darajasidagi farqlanuvchi genom regionlarini tadqiq qilishda muhim hisoblanadi.

Tadqiqotda foydalanilgan 288 ta ingichka tolali g‘o‘za namunalari O‘zbekiston g‘o‘za germplazmasiga xos bo‘lib, ular tola sifatining yuqoriligi va kasalliklarga nisbatan chidamliligi bilan qimmatlidir. Ushbu g‘o‘za namunalarini so‘nggi avlod SNP markerlari bilan tadqiq etib, ular genomlaridagi polimorfik regionlarni aniqlash – ularda xo‘jalik qimmatli belgilar (tola sifati, agronomik va turli kasalliklarga chidamlilik)ni boshqaruvchi genom regionlarini zamonaviy GWAS (genome wide association study) usuli yordamida xaritalash imkonini beradi. Tadqiqot natijasi yurtimiz paxtachiligida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan DNK-markerlariga asoslangan seleksiya (MAS) dasturini ingichka tolali g‘o‘za navlaridagi qimmatli belgilarga genetik birikkan so‘nggi avlod SNP markerlari bilan boyitadi. Bu esa tola sifati yuqori, serhosil va turli kasalliklarga chidamli bo‘lgan g‘o‘za navlarini tezkor va samarali usul bo‘lgan MAS usulida yaratish jarayonni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi. Kelajakda mehnatlarim samara berib, qishloq xo‘jaligi sohasiga hissa qo‘shsa, maqsadimga yetgan bo‘laman.
Bobur Ergashev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti katta ilmiy xodimi. Italiya davlati Parma shahri, Parma Universitetining “ThiFiLab” laboratoriyasida ilmiy stajirovka o‘tagan.

“QUYOSH ENERGIYASIDAN SAMARALI FOYDALANISH KERAK”
– Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Respublikamizda bu sohada salmoqli ishlar (oliy ta’lim muassasalari, Fanlar Akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari tomonidan) amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda yilning 300 kunidan ortig‘i quyoshli kunligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu sohada quyosh energiyasidan foydalanish muhim sanaladi. Bu borada quyosh elementlarining yangi, samarali va yuqori foydali ish koeffitsentiga ega bo‘lgan yupqa qatlamli quyosh elementlarining ustida tadqiqotlar olib borish dolzarb masalalardan biridir.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti “Fotoelektronika” laboratoriyasida yangi va arzon turdagi yupqa qatlamli quyosh elementlari ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu tadqiqotlarni samarali davom ettirishda nufuzli chet el ilmiy tadqiqot markazlari olimlari bilan hamkorlikda ishlash yuqori natijalar olish imkonini beradi.
3 oy davomida Italiya davlatining Parma Universteti “ThiFiLab” laboratoriyasida ilmiy stajirovkada bo‘lib, yupqa qatlamli quyosh elementlarini olish texnologiyalari va ularning fizik xossalarini o‘lchash usullarini zamonaviy qurilma va jihozlarda o‘rgandim.
Ilmiy stajirovka davomida professor Alessio Bosio hamda professor Nicola Romeo rahbarligida quyidagi ilmiy tadqiqotlarni olib bordim: CdTe va SbSe asosidagi yupqa qatlamli quyosh elementlarini olish RF va DC Sputtering, Close Space Sublimation (CSS), Electron Beam Gun (EBG), Selenization qurilmalarida, olingan polikristal plenkalarga termik hamda kimyoviy ishlov berish Heat-treatment furnaces va boshqa qurilmalarda amalga oshirildi.
Olingan yupqa qatlamli quyosh elementlarining morfologik, strukturaviy va elektrofizik xossalarini tadqiqot qilishda Scanning electron microscope (SEM), X-ray diffraction (XRD), Raman spectroscopy, Hall measurement, I-V characteristic measurement, Solar simulator qurilmalaridan foydalanildi.
Asqar Parmanov, O‘zbekiston Milliy universiteti, Kimyo fakulteti 3-bosqich tayanch doktoranti (PhD). Polsha davlati, Lodz shahri, Lodz Politexnika universitetining Kimyo fakultetida ilmiy stajirovka o‘tagan.

“ILMIY STAJIROVKA KATTA TAJRIBA MAKTABI BO‘LDI”
– Ilmiy stajirovkam uch oyga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, men uchun katta tajrima maktabi bo‘ldi. Tadqiqotim davomida aromatik karbon kislotalarining vinil efirlari sintez qilindi. Xorijda zamonaviy kimyoviy jihozlar va analiz usullarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim.
Bugungi kunda zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida neft-gaz sanoatini diversifikatsiyalash asosida biologik faol, noyob xossalarga ega bo‘lgan turli organik birikmalar sintez qilinmoqda. Respublikamizda sanoat miqyosida tabiiy gazning asosiy tarkibiy qismi metanning pirolizidan atsetilen olinmoqda. Sirka kislotani atsetilen bilan vinillash reaksiyasi orqali vinilatsetat olinishi kimyo sanoatida atsetilenni eng muhim xomashyo materiallaridan biriga aylantirdi.
Respublikamizda qazib olinayotgan neft tarkibida turli xil aromatik karbon kislotalar uchraydi. Ular asosida turli xossaga ega bo‘lgan ko‘plab birikmalar sintez qilinadi. Oddiy va murakkab vinil efirlar organik sintezda boshlang‘ich modda sifatida keng qo‘llaniladi. Bundan tashqari, bunday birikmalar biologik faollikka ham ega bo‘lib, tibbiyotda turli xil kasalliklar va ochiq yaralarni davolashda, og‘riqni qoldiruvchi preparatlar sifatida, kimyo va elektrotexnikada esa erituvchilar hamda ko‘plab preparatlar uchun boshlang‘ich xomashyo sifatida, monomer va kompozitsion materiallar olishda hamda rezina kauchuk sanoatida choklovchi agentlar sifatida qo‘llaniladi.
Vinil efirlarning ishlatilishi keng imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, sintez qilishdagi yuzaga keladigan qiyinchiliklar ularni qo‘llash sohasidagi imkoniyatlarni cheklaydi. Hozirgi vaqtda vinil efirlarni hosil qilishning iqtisodiy jihatdan qulay usuli karbon kislotalarni atsetilen bilan vinillash reaksiyasi orqali sintez qilishdir.
Stajirovka mobaynida aromatik halqada turli o‘rinbosar tutgan benzoy kislota hosilalari bilan 2-xlor-4,6-dimetoksi-1,3,5-triazinning katalizator ishtirokisiz vinil atsetat bilan reaksiyasidan kislotalarning mos ravishdagi vinil efirlari sintez qilishning yangi usuli topildi.
Hozirgi vaqtda respublikamizda Navoiyazot AJ, Farg‘onaazot AJ hamda Maksam-Chirchiq zavodlarida azotli o‘g‘it hisoblangan karbamid ishlab chiqarilmoqda. Jarayonda qo‘shimcha maxsulot sifatida sianur kislota (S3N3O3N3) hosil bo‘ladi. Sianur kislotadan 2-xlor-4,6-dimetoksi-1,3,5-triazin olish mumkin. Bundan tashqari, yuqori bosim ostida karbon kislotalarni atsetilen bilan vinillash reaksiyasi orqali vinil efirlar sintezi ko‘p qavatli uglerod nano trubkasiga (MWCNTs) shimdirilgan metall katalizatorlari ishtirokida amalga oshirildi. Tadqiqotlar natijasida 18 ta aromatik karbon kislotalarning vinil efirlari sintez qilindi.
Stajirovka davomida Alfa bruker FTIR spectroscopy, NMR, ATM-220, GC/MS, SEM, TEM kabi qurilmalarda ishlash ko‘nikmalari hosil qilindi va zamonaviy analiz usullari o‘rganildi.
Sevara ABDULLAYEVA tayyorladi.